Kuz — pishiqchilik, yig'im-terim, mo'l-ko'lchilik mavsumi. Dehqonu bog'bonlar bir necha oy davomida qilgan mehnatining mahsuli, yetishtirgan hosilini yig'ib oladigan palla. Yerga qor inmasidan qishki hozirlikni ko'radigan muhim davr.
Ushbu g'animat kunlardan pillakorlarimiz ham unumli foydalanib, pilla etishtirishning navbatdagi — uchinchi va to'rtinchi mavsumiga kirishgan. Bu yil respublikamiz bo'ylab pilla yetishtirishning uchinchi mavsumida 41 810 quti ipak qurti urug'lari jonlantirish uchun inkubatoriyalarga qo'yilib, shartnoma asosida kasanachilarga tarqatib berildi. Ayni paytda har bir kasanachi xonadonida 2-3 nafar kishi ipak qurti boqish ishlari bilan mashg'ul. Shu tariqa, joriy yilgi uchinchi va to'rtinchi pilla etishtirish mavsumida 200 ming nafarga yaqin kishining bandligi ta'minlandi.
Avvalgi vaqtlardagi holatga e'tibor qaratidigan bo'lsak, 2017-yilga qadar mamlakatimizda bir yilda bir marotaba pilla yetishtirilar va bu jarayonda aholi bor yo'g'i 35-40 kun davomida band bo'lar edi. Bugungi kunda esa pilla yetishtiruvchi kasanachilar sohada 7 oy davomida uzluksiz mehnat qilib, daromad topmoqda.
— Haqiqatan, mamlakatimizda 2017-yilga qadar takroriy pilla yetishtirish yo'lga qo'yilmagan, — dedi “O'zbekipaksanoat” uyushmasi boshqaruv raisi Bahrom Sharipov. — Aniqrog'i, O'zbekistonda iqlim sharoiti takroriy pilla yetishtirish uchun mos, deb hisoblanmagan. Boisi, o'zgaruvchan ob-havo sharoiti (o'ta issiq yoki sovuq havo harorati)da yetishtirilgan pillaning sifat ko'rsatkichi past bo'lishi natijasida pillani qayta ishlash, ya'ni, ipak tolasi ishlab chiqarish uchun xarajatlar keskin ortib ketar edi. 2017-yilda Prezident qarori bilan “O'zbekipaksanoat” uyushmasining tashkil etilishi ipakchilik va pillachilik tizimida yangicha yondashuvlar, jahon talablariga mos islohotlarni amalga oshirishga zamin yaratdi. Pirovardida, mutasaddilar tomonidan xorij tajribasini o'rganib, chuqur tahlil qilgan holda yurtimizda bir yilda 4 marotaba pilla yetishtirish yo'lga qo'yildi.
Taqqoslash uchun, diyorimizda 2019-yilgi kuzgi mavsumda 19 100 quti ipak qurti parvarishlangan bo'lsa, 2020-yilda 21 700 quti ipak qurti boqildi. Joriy yilda bu ko'rsatkich deyarli 4 barobarga oshirilmoqda — pilla yetishtirishning uchinchi va to'rtinchi mavsumlarida 80 ming qutidan ortiq ipak qurti urug'larini parvarishlash ko'zda tutilgan. Ayni paytda respublikamizda 76 ta ipakchilik klasteri mavjud bo'lib, ular tomonidan o'zlariga biriktirilgan hududlardagi kasanichalarga shartnoma asosida ipak qurti urug'lari tarqatildi. Joriy yilgi mavsumda yetishtirilgan 1 kilogramm pilla hosili uchun 22 400 so'mdan 30 ming so'mgacha ish haqi to'lab berilishi kelishib olingan.
Bugungi kunda mamlakatimizda nafaqat ipak tolasi, balki jahon bozorida o'ta xaridorgir bo'lgan ipak momig'ini ishlab chiqarish ham yo'lga qo'yildi. Shu bois, uchinchi va to'rtinchi mavsumlarda yetishtirilgan pilla xomashyosining asosiy qismini ipak momig'i ishlab chiqarishga yo'naltirish ko'zda tutilgan.
Farg'ona viloyatining Marg'ilon shahrida pillani qayta ishlash va ipak mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Nurli tong silk” MCHJ ham korxonada tayyorlangan 1064 quti ipak qurti urug'larini kuzgi mavsum uchun shartnoma asosida kasanachilarga tarqatdi. Jarayonga 1064 nafar aholi jalb qilinib, ularning bandligi ta'minlandi. Korxona mavsum so'ngida kasanichilardan 42,6 tonna tirik pilla qabul qilib olishni rejalashtirgan.
2002-yilda tashkil etilib, 2017-yilda klaster tarzida faoliyatini davom ettirayotgan mazkur ipakchilik fabrikasida ipak qurti urug'ini tayyorlashdan tortib, pilla etishtirish, pillani qayta ishlash, ipak tolasi, ipak momig'i, shuningdek, tayyor mahsulotlar — ipakli gilam va matolar ishlab chiqarish keng yo'lga qo'yilgan. Bu erda yiliga 300 tonnaga yaqin quruq pilla qayta ishlanib, 100 tonnaga yaqin ipak tolasi tayyorlanadi. Joriy yilda milliy matolarimizdan tikilgan ayollar liboslari ilk bor Xitoy davlatiga eksport qilindi. Yil yakuniga qadar korxonada tayyorlanadigan 3 million dollarlik mahsulotni xorij bozoriga chiqarish kutilmoqda.
— Korxona 2021-yilda to'liq modernizatsiya qilinishi hisobiga ish hajmi yanada ortdi, — deydi “Nurli tong silk” MCHJ direktori Maqsudjon Qosimov. — Bu yerda Xitoydan keltirilgan so'nggi rusumdagi, zamonaviy ipak yigirish dastgohlari o'rnatilgan bo'lib, ular eski uskunalarga nisbatan bir necha barobar kam ishchi kuchi talab qilish barobarida, jahon standartlari talabiga mos, yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Fabrikada ipak mahsulotlari ishlab chiqarish ham yo'lga qo'yilgan bo'lib, umumiy hisobda 150 nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ularning asosiy qismini ayollar, kam ta'minlangan xotin-qizlar tashkil etadi. Pilla mavsumida esa qo'shimcha 10 mingdan ziyod aholi ish bilan ta'minlanadi. Ularning orasida Furqat tumanida yashovchi Boratali Nishonov, Rishton tumanidagi Ziynatxon Badalova kabi kasanachilarimiz eng ko'p pilla etishtirish bo'yicha boshqalarga namuna bo'lib kelmoqda.
Qo'shimcha daromad manbai
Xonadonlarda ipak qurti boqib, pilla yetishtirish azaldan xalqimizning asosiy mehnat mashg'uloti, daromad manbaidan biri bo'lib kelgan. Tarixiy manbalarda ipak qurti etishtirish va ipakni yigirish amaliyayoti bundan 4000 yil oldin O'zbekistonning janubida, shuningdek, Zarafshon daryosi bo'ylarida rivoj topganligiga doir ma'lumotlar mavjud. Hozirgi kunda yurtimiz pilla yetishtirish va ipak tolasi ishlab chiqarish bo'yicha dunyoda Xitoy va Hindistondan keyin uchinchi o'rinda turadi.
Bugun ota-bobolaridan qolgan ana shu an'anani ishtiyoq bilan davom ettiruvchilar soni ortib borayotgani bejiz emas. Boisi, so'nggi yillarda yurtimizda ipakchilik va pillachilik tarmog'ini rivojlantirishga e'tibor ortib, sohada ilg'or texnologiyalarni qo'llash kengayib bormoqda. Natijada tarmoqda aholini ish bilan ta'minlash hamda sifatli pilla yetishtirish ko'rsatkichi yildan-yilga o'sib boryapti.
Ayni mavsumda ham hududlarda ish ana shunday ishtiyoq bilan qizg'in davom etmoqda. Xususan, Andijon viloyatida 7 ming quti, Samarqand viloyatida 5 190 quti, Buxoro viloyatida 4 200 quti, Farg'ona viloyatida 3 730 quti, Namangan viloyatida 3 360 quti, Surxondaryo viloyatida 3 060 quti, Navoiy viloyatida 1 700 quti ipak qurti urug'i jonlantirilib, minglab pillakorlar tomonidan parvarishlanmoqda.
Hozirda Andijon viloyatida etishtirilgan pilla hosilini yig'ib olish ishlari ham boshlangan. Jarayonda mehnat qilgan 20 mingdan ortiq pillakorlar ushbu mavsumda har bir quti urug'idan o'rtacha 40 kilogramm pilla hosili terib olmoqda. Ipak qurti parvarishida jonbozlik bilan mehnat qilayotgan kasanachilarga maxsus esdalik sovg'alari ham topshirilyapti.
Viloyatlik kasanachilardan Oltinxon Hamdamova uchinchi mavsumda o'zi biriktirilgan “Harir tola” ipakchilik klasteriga 82 kilogramm pilla topshirdi. Bu ishda unga odatdagidek turmush o'rtog'i, kelin, nabiralari ko'maklashdi.
— Otam rahmatli “Mendan keyin xor bo'lmaysan” deb, meni oliy o'quv yurtida o'qitganlar, — eslaydi onaxon. — 33 yil maktabda o'qituvchi bo'lib ishladim. Hozir nafaqadaman. Bolaligim, umuman, hayotim mehnatda o'tgani uchunmi, bo'sh o'tira olmayman. Pillachilik men uchun qo'shimcha mashg'ulot, daromad manbai. Qiyinchiliklari ham yo'q emas, ammo oson ishning o'zi bo'lmaydi, hamma narsa mehnat bilan unadi.
Onaxon bolaligidan ipak qurti boqishning hadisini olgan, bu borada yaxshigina tajribaga ega. Ayolning aytishicha, ipak qurti boqishda xona havosini tez-tez almashtirib turish, issiq vaqtlarda pillaxonaning dimlanib qolmasligiga e'tibor berish lozim.
Oilaning 1 gektarga yaqin maydonda tutzori bor. Shundan foydalanib, Oltinxon aya har yili bir necha bor ipak qurti boqadi. Bahorda 330-350 kilogramm pilla topshiradi. Uning aytishicha, kuzda novdalar boshidagi “suvli” tut barglari terib olinadi va ana shular hisobiga pilla qurti boqiladi.
Navbatdagi pilla hosilini yig'ib olish ishlari yurtimizning boshqa hududlarida ham birin-ketin boshlanmoqda. 30-40 kun davomida mashaqqat bilan yetishtirgan pillani klasterlarga topshirayotgan kasanachilarga tarozining ustida posangining tosh bosishiga qarab, ish haqi to'lab berilyapti.
Mutasaddilarning aytishicha, sentyabr—oktyabr oylarida ham ipak qurti parvarishi respublikamiz bo'ylab davom ettiriladi va to'rtinchi mavsum uchun yana 40 ming qutidan ziyod ipak qurti urug'lari jonlantiriladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri