Plastik kartangiz suratini qoʻl telefoningizda saqlamang

    Xavfsizlik 10 Sentabr 2020 1916

    1983-yil Navoiy viloyatida tugʻilgan, hozirda Zarafshon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro M.Sh. ehtiyotsizlik oqibatida “Redmi-7” rusumli qoʻl telefonini koʻchada tushirib qoldiradi.

    Yoʻqotilgan buyumni 1993-yil Navoiy viloyatida tugʻilgan, ayni paytda Zarafshon shahrida yashovchi K.V. topib olib, telefon xotirasidagi M.Sh.ga tegishli boʻlgan shaxsiy plastik karta raqami tasvirini koʻrib, oʻzining android qoʻl telefonida mavjud boʻlgan “PayMe” dasturiga hisobida mablagʻi boʻlmasada kiritib qoʻyadi.

    Vaqt oʻtib, M.Sh.ning oylik maoshi plastik kartaga tushganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani oʻqib, K.V. 1 million 323 ming soʻm pul mablagʻini yashirin ravishda talon-toroj qilgan holda, oʻz ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi. Hozirda Zarafshon shahar IIB xodimlari tomonidan mazkur holat yuzasidan qoidabuzar K.V.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Afsuski, insof-diyonatni unutgan holda, oʻzgalar mehnati evaziga topilgan halol nasibaga koʻz tikib, nopoklik yoʻli bilan moʻmay daromadga ega boʻluvchi kishilar ham bor oramizda. Biroq, qoidabuzarlik har qanday holatda ham oʻz isbotini topadi, albatta.

    Endilikda, fuqaro K.V. tegishli tartibda javobgarlikka tortiladi. Shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, keyingi paytlarda fuqarolarning eʼtiborsizligi sabab, shaxsiy plastik kartasidagi pul mablagʻlarining noqonuniy olib qoʻyilayotganligi kabi holatlar yuzasidan koʻplab murojaatlar uchramoqda.

    Avvalambor, har bir kishi oʻziga tegishli boʻlgan shaxsiy plastik kartasi raqamlarini sir tutishi maqsadga muvofiqdir.