Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Axborot xizmati xabariga koʻra, Tashrif doirasida pokistonlik mehmonlar koʻhna va navqiron Samarqand shahrida ham boʻlishdi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov Samarqand shahrida Pokiston delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazib, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirish hamda Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Pokiston delegatsiyasi uchun dastlab Samarqandning investitsion jozibadorligi, turizm salohiyati, tibbiyot va farmatsevtika yoʻnalishidagi imkoniyatlariga doir taqdimot oʻtkazildi. Oʻzaro muzokaralar davomida aviaqatnovlarni rivojlantirish, ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻrtasidagi manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, oliy taʼlim muassasalarida oʻzaro tajriba almashinuvlarni tashkil etish borasida soʻz yuritildi.
Mehmonlarga bugungi kunda Samarqand davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan chet ellik talabalar, xususan, 130 nafar pokistonlik talaba uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berildi. Uchrashuv davomida tez kunda Pokiston Islom Respublikasidan yana 120 nafar talaba va 10 nafar professor-oʻqituvchi Samarqandga tashrif buyurishi ham maʼlum qilindi.
Bu esa ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarning yangi bosqichda izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi. Tashrif asnosida mehmonlar Imom al-Buxoriyning hayoti, uning hadis ilmiga qoʻshgan buyuk maʼnaviy merosi bilan yaqindan tanishish maqsadida ulugʻ muhaddis qabrini ziyorat qilishdi hamda xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida boʻlishdi.
Pokistonlik mehmonlarga Imom al-Buxoriyning maʼnaviy merosi yosh avlodni diniy qadriyatlar va anʼanalarga sadoqat ruhida tarbiyalashda dastur-ul-amal boʻlayotgani haqida maʼlumot berildi. Delegatsiya vakillari Pokistonda ham Oʻzbekistonga katta qiziqish bilan qaralishi, xususan, buyuk allomalarimiz nomi bilan bogʻliq muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish har bir insonning eng katta orzularidan biri ekanligini taʼkidlashdi.
Pokistonlik mehmonlar ikki tomonlama aloqalarning mustahkamlanib borayotgani haqida soʻz yuritar ekan, ziyorat turizmni rivojlantirishga doir birgalikdagi saʼy-harakatlar yuksak samara berishini qayd etishdi.
Delegatsiya aʼzolari, shuningdek, Samarqand shahrining qator diqqatga sazovor maskanlarini ham tomosha qilishdi.