— Avtoavariyalar tahlili o'tgan yili har beshinchi yo'l-transport hodisasi yo'llarda munosib infratuzilma va xavfsiz harakatlanish uchun zarur sharoitlar yaratilmagani sababli sodir etilganini ko'rsatmoqda. Mazkur yo'nalishdagi o'rganishlar bugungi kunda bir qator muammolar mavjudligidan dalolat beradi.

Xususan, 2248 kilometr yo'llarda qarama-qarshi yo'nalishlarni ajratuvchi to'siqlar o'rnatilmagan. 3571 kilometr piyodalar yo'lagi, 2337 kilometr veloyo'lak tashkil etilmagan, tartibga solinmagan piyodalar o'tish joylaridan 2731 tasi yoritilmagan. Shuningdek, 1835 ta joyda shovqin chiziqlarini chizish, 2904 ta joyda sun'iy notekisliklar yaratish, 750 ta svetofor o'rnatish zarurati mavjud.

Bugun yo'llarda 200 mingta yo'l belgisi etishmaydi, mavjud 105 mingdan ziyodi esa zamonaviy turdagi yo'l belgilariga almashtirilmagan. Mahalliy hokimliklar huzuridagi yo'l harakatini tashkil etish, maxsus o'rnatish va foydalanish bo'linmalari mavjud ehtiyojning atigi 50 foizini ta'minlab bermoqda. Xususan, 2019-2021-yillarda respublika bo'yicha o'rnatilishi lozim bo'lgan 610 mingta yo'l belgisidan 304 ming 775 tasi talabga javob beradi, xolos. Bundan tashqari, aholi gavjum joylarda 25 ta er osti va er usti piyodalar o'tish joyini qurishga zarurat bor.

Shuningdek, vazir kelgusida tartibga solinmagan piyodalar o'tish joylaridagi yo'l belgilari va yo'l chiziqlari yorug'lik qaytaruvchi, yaxshi ko'rinadigan materiallardan tayyorlanishi, ularning tungi paytda yoritish va ko'rinish darajasi yaxshilanishi haqida ham aytib o'tgan.

Ta'kidlanishicha, bunda joylarga haydovchilar tomonidan piyodalarga yo'l bermaslik bo'yicha qoidabuzarliklarni qayd etuvchi maxsus videokameralar o'rnatiladi. Tartibga solinmagan hamda xavfli yo'lni kesib o'tish joylarida piyodalar tomonidan boshqariladigan svetoforlar o'rnatish choralari ko'riladi.