Jahon chempionatida olti jizzaxlik, bir xorazmlik polvondan iborat terma jamoamiz a'zolari ham vatanimiz sharafini himoya qildi.
Ta'kidlash joiz, 2021-yil noyabr oyida Jizzax shahrida o'tkazilgan jahon chempionati doirasida Tatariston Respublikasi sport vaziri o'rinbosari Xalil Shayxutdinov hamda Jizzax viloyati hokimi ergash Soliev o'rtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida hamkorlik memorandumi imzolangandi. Shu memorandumga muvofiq Tatariston Respublikasi sport vaziri Vladimir Leonov va Xalqaro belbog'li kurash federatsiyasi taklifiga ko'ra, Jizzax viloyati hokimligi, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokraturasi, xususan, Jizzax viloyati prokurori, viloyat kurash federatsiyasi raisi Islomjon ergashxodjaev sa'y-harakatlari bilan sport delegatsiyamiz ushbu jahon chempionatida munosib ishtirok etdi.
Shuningdek, jahon chempionatida Osiyo belbog'li kurash konfedratsiyasi raisi Mo'minxo'ja Muratov, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokraturasi xodimi Sarvar Erkinov hamda O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov ham ishtirok etib, belbog'li kurashni yanada ommalashtirish xususida muzokaralar o'tkazdi. Belbog'li kurash bo'yicha Xorazm viloyati bosh murabbiyi, xalqaro toifadagi hakam Bekbergan Boltayev esa hakamlar guruhida chempionatni baholab bordi.
Quvonarlisi, ushbu jahon chempionatida 20 ga yaqin davlatdan yig'ilgan eng sara sportchilar o'rtasidagi bellashuvlarda Usmon Mahamatov murabbiyligidagi polvonlarimizdan 60 kg. vazn toifasida Asadbek Mamataliyev kumush, 65 kg. vazn toifasida Muhammadrasul Muhammadjonov bronza, 70 kg. vazn toifasida Azimjon Akbarov kumush, 75 kg. vazn toifasida Sardor Jumaboyev kumush, 80 kg. vazn toifasida Ziyodulla Valijonov bronza 90 kg. vazn toifasida Jahongir Jumaboev kumush medal` va 100 kg. vazn toifasida Marat Shaxmayev kumush medalni qo'lga kiritib, umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o'rinni egalladi.
Qozon shahri mezbonlik qilgan yoshlar o'rtasidagi jahon chempionati doirasida ot ustida va qumda kurash bo'yicha ham bellashuvlar tashkil etildi.
Ilhom RAHMONOV tayyorladi