Pomidor vaksinasi ishlab chiqarishga qachon tatbiq etiladi?

    Fan 22 Oktabr 2021 2146

    Vaksina olish kerakmi yoki yoʻq? Qaysi birini tanlagan maʼqul? Shu kabi savollar koʻpaygan va koʻpchilik ikkilangan bir paytda oʻzbekistonlik olimlar tannovul qiladigan vaksina loyihasini taqdim etganidan xabaringiz bor.

    Biz ijodiy jamoamiz bilan bu loyiha ustida ish olib borilayotgan laboratoriyaga tashrif buyurdik. Savollarimizga Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Genomika va bioinformatika markazi direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Mirzakamol Ayyubovdan javob olishga harakat qildik.

    — Pomidor vaksinasi gʻoyasi qachon va qanday paydo boʻlgan?

    — Bu gʻoya fanda yangilik emas. Qolaversa, koronavirusga qarshi vaksina yaratish boʻyicha hukumat tomonidan topshiriq berilgan. Biz uzoq yillardan beri oʻsimliklar bilan shugʻullanib kelayotganimiz bois yangi yondashuv sifatida vaksinani hosil qiladigan oqsilni oʻsimliklardan olamiz, degan gʻoya paydo boʻldi. U loyiha shakliga keltirildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ushbu loyihamiz qoʻllab-quvvatlandi va ishga kirishildi.

    Aslida yeyiladigan vaksina gʻoyasi aslida toʻqsoninchi yillarda fanda paydo boʻla boshlagan. Dastlab vabo, qizamiq, V, S gepatiti kabi kasalliklarga qarshi kurashish maqsadida qoʻllanilgan. Hozir kunda ham dunyo amaliyotida bor. Masalan, Kanadada ayni shu kunlarda tamaki va makkajoʻxoridan koronavirusga qarshi yeyiladigan vaksina olish texnologiyalari ustida tadqiqotlar olib borilyapti. Bundan tashqari, rossiyalik olimlar ham sut mahsulotidan vaksina tayyorlash borasida izlanmoqda.

    — Koʻpchilikda shu savol tugʻilgan boʻlsa kerak: vaksina sifatida ishlatish uchun nega aynan pomidor tanlab olindi?

    Pomidor, bodring kabi poliz mahsulotlari bejiz tanlanmagan. Ularga termik ishlov berilmaydi. Mahsulotlar yuqori haroratda pishirilganda antitanachalar hosil qiluvchi vaksina parchalanib ketadi. Biz klonlashtirish orqali koronavirusni oʻsimlik hujayrasiga kiritdik. “Emlangan pomidor” isteʼmol qilingach, u inson organizmiga kiradi, hujayralaridan esa antitelalar ajralib chiqadi.

    Bilasiz, pomidor yil boʻyi pishadi. Yaʼni, uni issiqxonalarda ham yetishtirish mumkin. Qolaversa, aholining kunlik ratsionida faol isteʼmol qilinadi. Bundan tashqari, pomidorda koʻp urugʻ hosil boʻladi. Demak, uni tez va samarali koʻpaytirish imkoniyati yuqori. Hozirda boshqa meva va sabzavotlarda ham tajriba qilib koʻrilyapti. Aytaylik, pomidorni isteʼmol qilishni xush koʻrmaydiganlar uchun bodring taklif etilishi mumkin.

    — Sir emas, butun dunyo olimlari inyeksiya orqali qilinadigan vaksina yaratish ustida ish olib bordi va bugungi kunda ham izlanishlar toʻxtagani yoʻq. Ayting-chi, yeyiladigan vaksina qanday afzalliklarga ega?

    — Toʻgʻri, butun dunyo koronavirus pandemiyasiga qarshi inyeksion vaksinalar yordamida kurash olib bormoqda. Ammo baʼzi insonlarda unga nisbatan ishonchsizlik bor. Sababi, ayrim hollarda uni qabul qilgach yuzaga kelishi mumkin boʻladigan allergik reaksiyalar xavotir uygʻotadi. Yeyiladigan vaksina esa allergik holatlar keltirib chiqarmaydi.

    Qolaversa, inyeksion vaksina ishlab chiqarish uchun katta-katta laboratoriyalar, narxi qimmat preparatlar zarur boʻladi. Pomidor vaksinasini tayyorlash uchun esa qimmatbaho laboratoriyalar ham, preparatlar ham shart emas. Oddiy laboratoriyalarda, hattoki dalalarda ham bemalol yetishtirish mumkin. Shu tomondan olib qaraganda, pomidor vaksinasini kamxarj vaksinalar toifasiga kiritish mumkin. Boshqa preparatlardan afzal tomonlaridan yana biri, uni hattoki yosh bolalarga ham berish mumkinligida.

    Ammo hamma narsaning ham ijobiy va salbiy jihatlari bor. Bu vaksina butun dunyo boʻylab ommalashmagani va odamlar isteʼmol qilib koʻrmagani uchun uning taʼsiri hali toʻliq oʻrganilmagan. Shu bois uning meʼyori borasida ham muyyan bir toʻxtamga kelinmagan, yaʼni standartlashmagan. Agar kimdir bu sabzavotni sevib isteʼmol qiladigan boʻlsa-yu, koʻp yeb qoʻysa, unga vaksina nojoʻya taʼsir etishi yoki kam isteʼmol qilsa, foydasi boʻlmasligi mumkin.

    — Pomidor vaksinasi yaratilgani haqidagi xushxabarni eshitganimizga ham bir-ikki oydan oshdi. Xoʻsh, shu kungacha qanday tajribalar oʻtkazildi? Ishlab chiqarishga qachon tatbiq etiladi?

    — Pomidor boʻyicha dastlabki molekulyar tadqiqotlar amalga oshirildi. Toʻqima kulturasidan foydalangan holda pomidor oʻsimliklari olindi.

    Ayni paytda oʻsimliklarni parvarish qilish jarayoni ketmoqda. Bularning mevalari yigʻishtirib olingach, taxminan 48 ga yaqin sinov turi boʻyicha tekshirib koʻriladi. Masalan, pomidor turli tadqiqot obyektlaridagi hayvonlarga yedirib koʻriladi. Sinovlar samarali natija bergandan soʻnggina keyingi bosqichlarga oʻtiladi. Agar inson hayotiga xavfi boʻlmasa, yondosh kasalliklar chaqirmasligi tasdiqlansa, Oʻzbekiston bu vaksinani amaliyotga tatbiq etishga respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat berilsa, ishlab chiqarishga yoʻnaltirish mumkin boʻladi.

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbiri

    Sohiba MULLAYEVA suhbatlashdi.