Bu fikrlarning har biri mustahkam hayotiy isbotlarga ega. Aniq misollarga oʻtishdan avval eʼtiboringizni quyidagi raqamlarga qaratsak: joriy yilning oʻtgan davrida Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga poytaxtimiz aholisidan 80 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 76 ming 780 dan ortigʻi koʻrib chiqilgan. Koʻrib chiqilgan murojaatlarning esa 52 foizdan ziyodi, yaʼni qariyb 40 mingtasi ijobiy hal qilingan.

Qolgan murojaatlarning muayyan qismi huquqiy maslahat va tushuntirish berish yoʻli bilan hal qilingan boʻlsa, yana bir qismi uzoq muddatli nazoratga olingan. Bu jarayonda davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining shu yil 25-27-may kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan ommaviy qabullarida kelib tushgan murojaatlarni oʻrganish, ularda aytilgan masalalarni hal qilish ishlari ham izchil olib borilmoqda.

Mirzo Ulugʻbek tumani “Ahillik” mahallasida yashovchi Muhammadziyo Qoʻqonboyev dastlab qizida bepul jarrohlik amaliyoti oʻtkazish uchun yordam soʻrab kelgan edi. Muloqot asnosida uning bir talay muammolari chiqib keldi. Eng katta masala esa uning ishsizligi edi.

Xalq qabulxonasi xodimlari murojaatchiga qonuniy yordam berish uchun ishni qonuniy asos yaratishdan boshlashdi. Fargʻonadan poytaxtga kuyov boʻlgan bu yigit dastlab oilasi bilan rasman nikohdan oʻtkazildi. Soʻng shu asosda doimiy propiskaga qoʻyildi. Doimiy propiskali boʻlgach, “Yoshlar daftari”ga kiritildi. “Yoshlar daftari”da turgani bois “Mehr va saxovat” jamgʻarmasidan qizini davolatishi uchun mablagʻ ajratildi. Qizcha sogʻaydi. Yaqinda ular xonadonidagi boʻsh turgan ikki xona “uy mehmonxonasi” sifatida rasmiylashtirilgan boʻlsa, bugun Muhammadziyoga avtomobillarga xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyishi uchun zarur ish anjomlari olib berildi. Endi bu yosh oilaning ikkita daromad manbai paydo boʻldi.

Murojaatlar asosida tadbirkorlik yoʻnalishidagi koʻplab masalalarga yechim topilayotgani yangi-yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini ham bermoqda. Mirobodlik tadbirkor Bahodir Qosimov esa Mirobod tumanidagi Xalq qabulxonasi va sektor rahbarlarining sayyor qabulida tumanning Ming oʻrik mahallasida tashkil etgan mehmonxonasini jihozlash uchun kredit olishda amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan edi. Murojaatdan soʻng bu masala oʻrganilib, hal qilindi: tadbirkorga 1 milliard 900 million soʻm imtiyozli kredit ajratilgach, mehmonxona jihozlanib, faoliyati yoʻlga qoʻyildi, 20 dan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Yashnobodlik tadbirkor Rustam Shavkatov ham yaqinda xuddi shunday sayyor qabulda tumanning “Uysozlar” mahallasidagi boʻsh turgan binoni qayta taʼmirlab, tikuvchilik korxonasi tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqan edi. Murojaatdan soʻng yosh ishbilarmon va ayoliga 66 million soʻm imtiyozli kredit ajratildi. Shu mablagʻ evaziga moʻjaz korxona faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 20 nafar xotin-qizlar ish bilan taʼminlandi. Ayni kunlarda ular dastlabki buyurtmalarni tayyorlashga ham ulgurdi.

Mirobodlik 22 yillik ish tajribasiga ega tikuvchi Gulbahor Tursunovaning koʻp yillik orzusi ham shu kunlarda ushaldi. Ayolning tikuvchilik boʻyicha oʻquv markazi ochish boʻyicha murojaatidan soʻng “Inoqobod” mahalla fuqarolar yigʻini binosidan joy, 60 million soʻm imtiyozli kredit ajratildi, 12 ta tikuv mashinasi olib kelindi. Endi bu yerda ishsiz xotin-qizlar tikuvchilik sirlarini oʻrganadi, ishlab daromad topadi.

Umuman, Xalq qabulxonalari va sektorlarning mahallaga tushib ishlayotgani, mahallani fuqarolar oʻz fikri, taklif va tavsiyalarini erkin aytadigan, muammosiga samarali yechim topadigan chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirishda muhim omil boʻlmoqda.

Loyihalash va qurilish sohasida 15 yillik tajribaga ega tadbirkor Hasan Gasanov esa shu yilning 25-27-may kunlari poytaxtimizda oʻtkazilgan ommaviy qabullarda Mirzo Ulugʻbek tumanidagi turar joyini noturar joyga aylantirish boʻyicha murojaat qilgan edi. Sababi – obyektni qayta loyihalash, rekonstruksiya qilish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni biroz choʻzilgan ekan.

Murojaatdan soʻng Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasining yaqinda bergan xulosasiga koʻra, mazkur obyektning ixtisosini oʻzgartirish, turar joy toifasidan noturar joy toifasiga oʻtkazish va rekonstruksiya qilish uchun tegishli ruxsatnoma berildi. Masala ijobiy yechim topdi.

Sergelilik Ubaydulla Zuhrullayev charmgar usta. Hunarmandlarning 3-avlodi. Charmdan ortopedik poyabzallar tayyorlaydi. Usta anchadan beri oʻz faoliyatini kengaytirishni oʻylab yurgan edi. Uning oʻzi yashayotgan koʻpqavatli uy yertoʻlasidan joy ajratishni soʻrab murojaat qilishidan maqsad ham shu boʻldi. Masala joyiga chiqib oʻrganilgach, joyida hal qilib berildi. Bugun Zuhrullayevlar oilasi moʻjaz ustaxonasida mehnat bilan band.

Ha, inson oʻzi uddalay olmagan har qanday masalaga davlat va jamiyatdan yordam kutadi. Eng ogʻir pallada koʻmak qoʻllari choʻzilganda esa qalbida shaʼmdek yonib turgan umid choʻgʻlari alangalanadi, ertangi kunga ishonch mustahkamlanadi. Sergelilik Osiyo Hasanova hayotida ham shunday boʻldi. Ayol 13 yoshli qizi Lolada buyrak koʻchirish bilan bogʻliq murakkab jarrohlik amaliyoti uchun imkon topolmadi. Ogʻir oʻylov yelkasini yukdek bosib turaverdi. Osiyo opa Sergelidagi sektor rahbarlarining sayyor qabulida shu masalada yordam soʻrab murojaat qilgach, uning hayotidagi katta muammo tezda hal qilib berildi. “Mehr va saxovat” jamgʻarmasidan zarur mablagʻ ajratildi, Lolaga oʻz akasi buyragini berdi. Muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotidan soʻng Lola va akasining sogʻligʻi tiklandi. Ona uchun esa farzandlarining salomatligidan ortiqroq baxt yoʻq...

Yunusobodlik Dinara Mahmudova ham poytaxtimizdagi ommaviy qabulga onasi Rabicha Toʻxtaboyevaning jarrohlik amaliyoti uchun yordam soʻrab kelgan edi. 2019-yildan beri boʻgʻim yalligʻlanishi xastaligi bilan ogʻrigan ayolning oilaviy sharoiti, ijtimoiy himoyaga muhtojligi inobatga olinib, Rabicha opaga Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bepul jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi uchun yoʻllanma berildi. Mahalliy hokimlik protez uchun mablagʻ ajratadigan boʻldi.

Yashnobodlik Gulchehra Nazarmuhammedovaning ham xuddi shunday murojaatidan soʻng 15 yildan buyon onkologik xastalik bilan ogʻrigan onasiga nogironlikni belgilash boʻyicha hujjatlar rasmiylashtirildi.

Albatta, bir kunlik koʻrganlarimiz – xalq bilan doimiy muloqotni taʼminlash borasida yoʻlga qoʻyilgan yaxlit tizim berayotgan real natijalardan bir shingil, xolos. Davlatimiz rahbarining “Inson qadri uchun” gʻoyasi aholi murojaatlari bilan ishlashning pirovard maqsadiga aylanib borayotgani esa xalqchil va insonparvar davlat barpo qilishdek buyuk maqsadlarga xizmat qiladi.