Oʻzbekiston poytaxtida dunyoga mashhur “Marriott” mehmonxona brendining ilk “Courtyard by Marriott Tashkent” mehmonxonasi oʻz faoliyatini boshladi.

“Courtyard by Marriott Tashkent” — “Marriott International”ga tegishli mehmonxonalar brendi boʻlib, unga 1983-yilda asos solingan. Ushbu otellar ishbilarmon sayyohlar, shuningdek, oilalar joylashuvi uchun oʻrta narxdagi mehmonxonalar toifasiga kiradi. “Marriott International” eng yirik mehmonxona brendi boʻlib, 50 dan ortiq mamlakatda uning 1 100 dan ziyod mehmonxonasi mavjud.

Mazkur brendning pozitsiyasi mijozlar istagi bilan boshqariladi. Uning mehmonxonalarida faol insonlar uchun ideal muhit yaratilgan. Uning Toshkent shahrining markazida joylashganligi esa bu maskanning ishbilarmon sayyohlar uchun yana-da jozibasini oshiradi.

“Courtyard by Marriott Tashkent”da 131 shinam xona, koʻp tarmoqli 5 konferensiya zali, 2 MEATme Grill&Bar restorani, “Ugolyok” terassasi hamda Yevropa milliy taomlariga ega 2 bar, shuningdek, basseyn va fitnes klublari xizmatlari taklif etiladi. Mehmonxona qulay muhitda dam olish imkoni boʻlgan shinam xonalarni taklif etadi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.