Sholi yetishtirish qishloq xo'jaligi tarmog'ining muhim yo'nalishi, dunyo aholisining uchdan bir qismi uchun esa asosiy oziqa manbai hisoblanadi. FAO ma'lumotlariga ko'ra, 2020 yilda sayyoramizda 158,8 million gektar maydonga sholi ekilib, 742,5 million tonna don hosili yetishtirilgani buning isboti. Bu yo'nalishda, ayniqsa, Xitoy, Hindiston, Indoneziya davlatlari yetakchilik qilmoqda.

Hosildorlikni oshirish ko'p jihatdan zamonaviy innovatsiyalar va ilm-fan rivojiga bog'liq. O'zbekistonda ana shu ikki jihatni birlashtirib, sholichilikda yangi loyihalarni ishlab chiqishga kirishilgani boisi ham shunda. Bu borada xalqaro olimlar, dunyoning ilg'or mamlakatlari bilan hamkorlikda ishlar olib borilyapti.

Bugun Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida o'z ishini boshlagan “Sholi va dukkakli ekinlarni etishtirishning zamonaviy usullari va resurs tejovchi texnologiyalardan foydalanish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konfrensiya ana shunday bir guruh xorijlik va mahalliy olimlar, soha vakillarini bir nuqtaga jamladi. Anjumanda Hindiston, Rossiya, Xitoy, Koreya, Qirg'iziston davlatlari hamda Xalqaro sholichilik ilmiy markazi xodimlari ishtirok etmoqda. Mutaxassislar 17-18-avgust kunlari davom etadigan ilmiy anjumanda sholichilikdagi yangi va ilg'or texnologiyalar borasida tajriba almashib, turli taqdimotlarni namoyish etadi.  

Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Mas'udjon Sattorov ochib bergach, mehmonlar birin-ketin o'z ma'ruzalarini taqdim etdi. Xorijlik mutaxassislar esa O'zbekiston bilan hamkorlikdagi loyihalari istiqbollariga to'xtaldi.

— Biz O'zbekistondagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan 7 yildan beri hamkorlik qilib kelyapmiz, — dedi Xitoy milliy sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassisi Doktor Jan. — Institut qoshida Xitoy—O'zbekiston sholichilik tadqiqotlar laboratoriyasini tashkil etganmiz. Bu erda ikki davlat hamkorligidagi qo'shma loyiha amalga oshirilyapti. Laboratoriyaning asosiy maqsadi qurg'oqchilik, yotib qolishga chidamli, past haroratda unib chiqadigan yangi sholi navlarini yaratishdan iborat. Loyiha joriy yilda ikki tomondan moliyalashtirilgan bo'lib, 2 yil davom etishi rejalashtirilgan.

Xalqaro anjuman doirasida ana shunday dolzarb mavzular o'rtaga tashlanmoqda. Tadbirlar 18-avgust kuni ham davom etadi va mehmonlar SHolichilik ilmiy-tadqiqot institutining tajriba maydonlari bilan tanishishadi.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri