Oʻzbekistonning bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish boʻyicha ilgʻor tajribasi Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan namuna sifatida boshqa davlatlarga tavsiya etilgani ham shundan dalolat beradi.

Oʻzbek paxtasi dunyodagi koʻplab nufuzli brend kompaniyalarning “qora roʻyxati”dan chiqarildi. “Cotton campaign” tashkiloti Oʻzbekistonga qoʻyilgan taqiqni butunlay bekor qildi.

Oʻzbekiston sanoqli davlatlar qatorida Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Adolatli oʻtish jarayonlari uchun ish oʻrinlari yaratish va ijtimoiy himoya boʻyicha global akselerator” tashabbusida ishtirok etmoqda, Xalqaro mehnat tashkilotining “Ijtimoiy adolat boʻyicha global koalitsiyasi”da qatnashmoqda, mamlakatimiz oʻtgan yili ushbu tashkilotning Maʼmuriy Kengashi aʼzoligiga saylandi.

Hech shubhasiz, biz erishayotgan natijalarda 8 millionga yaqin aʼzoga ega, eng xalqchil va katta nodavlat tashkiloti boʻlgan kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor.
Biz Oʻzbekistonda kasaba uyushmalarining erkin va mustaqil faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdik va mana shu prinsiplarga hamisha sodiqmiz. Bundan buyon ham kasaba uyushmalariga birlashish huquqini taʼminlash, ularning faoliyatiga aralashmaslik boʻyicha siyosatni qatʼiy davom ettiramiz”, — dedi Prezident.