Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktab oʼqituvchilari Isroilda malaka oshirishlari mumkin

    Ta'lim 11 Fevral 2021 2331

    2021-yilning 10-fevral kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Hilola Umarova Isroilning mamlakatimizdagi elchisi Zexavit Ben-Gilelni qabul qildi.

    Uchrashuvda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori oʻrinbosari Amirullo Abdullayev ham ishtirok etdi.

    Mazkur uchrashuv Toshkent shahridagi Prezident maktabida boʻlib oʻtdi. Uchrashuvdan avval Isroil elchisi Prezident maktabida oʻquvchi va oʻqituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

    Zexavit Ben-Gilel uchrashuv doirasida Agentlikning iqtidorli yoshlarni oʻqitish va tasarrufidagi maktablarni rivojlantirish boʻyicha rejalari bilan tanishdi.

    Agentlikning asosiy maqsadi iqtidorli yoshlarni tanlab olish va ularning tahsil olishi hamda iqtidorlarini rivojlantirish uchun kerakli sharoitlar yaratishdan iboratdir.

    Taʼkidlandiki, Agentlik 2021-yil davomida mamlakatimizning turli hududlarida yana 10 ta Prezident maktabi ochishni rejalashtirgan.

    Isroil elchisi Prezident maktabi loyihasidan hayratda ekanligini aytdi. U Isroil Agentlik bilan, jumladan MASHAV orqali ham hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga manfaatdor ekanligini aytdi.

    Shuningdek, Isroil tomoni ikki mamlakat yoshlari oʻrtasida hamkorlik va almashinuvni tashkil etishni taklif qildi. Hamkorlik doirasida Oʻzbekiston va Isroil yoshlari qoʻshma loyihalarni amalga oshirishadi.

    Tomonlar oʻzbekistonlik oʻqituvchilar uchun turli malaka oshirish kurslarini tashkil etish, Isroildagi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, yoshlar uchun sinfdan tashqari darslarni tashkil etish boʻyicha tajriba almashish va boshqa masalalarni muhokama qildilar.

    Shuningdek, mutaxassislar va oʻqituvchilarning malakasini oshirishni tashkil etish va taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha tajriba almashish masalalari ham koʻrib chiqildi.