2025-yilning 26-dekabr sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasida ham ushbu yo‘nalish iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida alohida ta’kidlandi. Murojaatnomada tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash faqatgina huquqiy muhitni yaxshilash bilangina cheklanmasdan, balki uni moliyaviy jihatdan, xususan, davlat byudjeti orqali samarali rag‘batlantirish mexanizmlarini keng joriy etish zarurligi qayd etildi. Murojaatnomada tadbirkorlar mamlakat iqtisodiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida e’tirof etiladi. Aynan tadbirkorlik subyektlari sanoat va servis obyektlarini barpo etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholini, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni doimiy daromad manbai bilan ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Shu ma’noda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash - bu nafaqat iqtisodiy, balki muhim ijtimoiy siyosat hamdir.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda kredit, subsidiya va kompensatsiya kabi mexanizmlar orqali millionlab fuqarolar kambag‘allikdan chiqarildi, ishsizlik darajasi sezilarli darajada qisqardi. Bu natijalar tadbirkorlik faoliyatiga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan moliyaviy ko‘makning naqadar samarali ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
An’anaviy qarashlarda davlat byudjeti ko‘pincha faqat xarajatlar manbai sifatida talqin qilinadi. Prezident murojaatnomasida esa mutlaqo yangi yondashuv ilgari suriladi: byudjet mablag‘lari iqtisodiyotga yo‘naltirilgan strategik investitsiya sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilayotgan byudjet mablag‘lari kelgusida ko‘p karra iqtisodiy va ijtimoiy samara berishi bilan ahamiyatlidir.
Murojaatnomada 2026-yilda tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalariga 10 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilishi, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun esa 140 trillion so‘mlik resurslar yo‘naltirilishi belgilandi. Ushbu mablag‘lar ishlab chiqarish hajmini oshirish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va yangi bozorlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda soliq siyosatining barqarorligi muhim ahamiyatga ega. Murojaatnomada 2026-yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldirilishi qat’iy belgilab berildi. Bu esa tadbirkorlar uchun uzoq muddatli rejalashtirish imkonini yaratadi, investitsion muhitga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi. Soliq yukining keskin oshirilmasligi, aksincha, prognoz qilinadigan va barqaror bo‘lishi tadbirkorlik subyektlarining “soya iqtisodiyoti”dan chiqib, ochiq va shaffof faoliyat yuritishiga ham xizmat qiladi.
Murojaatnomada davlat byudjeti orqali tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning aniq moliyaviy mexanizmlari ko‘rsatib berilgan. Jumladan, “mahallada sanoat va xizmat” loyihasi doirasida minglab ishlab chiqarish va servis loyihalarini moliyalashtirish uchun trillionlab so‘mlik kreditlar ajratilishi belgilandi. Eng muhim jihati shundaki, ushbu kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining bir qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bu mexanizm tadbirkorlar uchun kredit resurslarini yanada arzonlashtiradi, bank tizimi orqali real sektorni rag‘batlantiradi va natijada mahallalarda minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga olib keladi. Bunday yondashuv “byudjet - bank - tadbirkor - ish o‘rni - soliq” zanjiri orqali iqtisodiy aylanmani kuchaytiradi.
Prezident murojaatnomasida alohida e’tibor qaratilgan jihatlardan biri — mahalla darajasida tadbirkorlikni rivojlantirishdir. Har bir mahallada mikroloyihalarni amalga oshirish, kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish orqali aholini o‘z yashash joyining o‘zida ishli qilish maqsadi qo‘yilgan. Bu borada byudjet mablag‘larining to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahallalarda daromad keltiradigan loyihalarga yo‘naltirilishi belgilandi. “Kim loyiha qilib, uni asoslab bersa, zarur mablag‘ni olsin” degan yondashuv adolat, raqobat va samaradorlik tamoyillariga asoslanadi.
Davlat byudjeti mablag‘laridan foydalanishda ochiqlik va shaffoflik masalasi Murojaatnomada muhim o‘rin tutadi. Byudjet mablag‘lari aniq loyiha va natijaga yo‘naltirilishi, ularning har bir so‘mi qo‘shilgan qiymat yaratishi zarurligi alohida ta’kidlanadi. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik nazoratining o‘rni ham beqiyosdir.
Prezident murojaatnomasi tadbirkorlikni rivojlantirish borasida davlat siyosatining aniq va puxta o‘ylangan yo‘l xaritasi ekanini yana bir bor namoyon etdi. Davlat byudjeti orqali tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari - soliq barqarorligi, imtiyozli kreditlar, subsidiya va kompensatsiyalar, mahalliy darajadagi loyihaviy yondashuv - barchasi yagona maqsadga, ya’ni barqaror iqtisodiy o‘sish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Shohboz Murodullayev,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ma’muriy va moliya huquqi kafedrasi o’qituvchisi