Prezident sovgʻasi — yangi uyni qabul qilib olgan Fotima Saipovaning oilasida katta bayram

    Fotima Saipova — Oʻzbekiston paralimpiya terma jamoasi aʼzosi, T1 toifasidagi velosportchi, koʻplab xalqaro musobaqalarda mamlakat sharafini munosib himoya qilib keladi.

    Davlatimiz rahbari ishtirokida 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan uchrashuvdagi bir holat tadbir ishtirokchilari hamda muloqotni kuzatib borgan millionlab qalblarga hayajon taqdim etdi. Velosport boʻyicha Oʻzbekiston milliy paralimpiya terma jamoasi aʼzosi, xalqaro toifadagi sport ustasi, Osiyo chempioni Fotima Saipova va uning yaqinlari koʻnglidagi azaliy orzu bir lahzada roʻyobga chiqdi.

    Yoshlar kuni arafasida yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bunda oʻzining yuksak azmu shijoati, ijodiy va intellektual salohiyati, isteʼdod va qobiliyatini namoyon etib, halol va samarali mehnati, turli sohalarda erishgan yutuqlari bilan yurtimiz taraqqiyotiga, xalqaro obroʻ-eʼtiborini yanada yuksaltirishga munosib hissa qoʻshayotgan tashabbuskor va yetakchi yoshlar taqdirlanadi. Joriy yil shunday yoshlar qatorida Fotima Saipova ham “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlangan edi.

    Ana shu nishonni topshirish jarayonida davlatimiz rahbari mamlakatimiz shaʼnini xalqaro arenalarda munosib himoya qilayotgan parasportchi qizimizni bagʻriga bosib tabrikladi. Soʻng Oʻzbekiston yetakchisi Fotimaning shugʻullanishi uchun barcha sharoitlar yetarli ekani, ammo uyi yoʻq ekanini aytib, uni turar joy bilan taʼminlashga qaror qildi. Bu boʻyicha Toshkent viloyati hokimiga topshiriq berildi.

    Yodingizda boʻlsa, oʻtgan yili Yoshlar kuni arafasida Prezidentimiz bundan keyin ham qizlarning taʼlim olishi, daromad topishi, sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar davom ettirilishini taʼkidlagan edi. Jumladan, ogʻir sharoitga tushib qolgan, uy-joyga muhtoj qizlar uchun ijtimoiy uylar qurilishi, sogʻligʻi tufayli ishga qatnay olmaydigan qizlarning yashab turgan xonadonida masofaviy ish bilan taʼminlanishi choralari koʻrilishi belgilab olingan edi. Mazkur qaror esa soʻz va amal birligini namoyish qildi.

    Fotima Saipova — Oʻzbekiston paralimpiya terma jamoasi aʼzosi, T1 toifasidagi velosportchi, koʻplab xalqaro musobaqalarda mamlakat sharafini munosib himoya qilib keladi. Jumladan, oʻtgan yili yanvarda Avstraliyada oʻtgan “Parij — 2024” Olimpiadasi yoʻllanmasi uchun muhim hisoblangan jahon kubogi birinchi bosqich saralash bahslarida bronza medalni qoʻlga kiritdi. Bu mamlakatimizning paravelosiped shosse yoʻnalishida birinchi nufuzli medali edi.

    2025-yil fevralda Tailandda oʻtkazilgan Osiyo chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi. Gʻalabaga munosib hissa qoʻshganlar orasida Fotima ­Saipova ham bor edi — u T1 toifasida eng yaxshi natijani qayd etib, musobaqaning oltin medaliga ega chiqdi.

    — Velosportga qiziqishim bir necha yil oldin boshlangan, — deydi chempion qiz. — Bu bir qarashda oson tuyuladigan, lekin juda ham iroda va mehnat talab qiladigan sport turi. Ilk bor 2019-yili rasmiy musobaqalarda ishtirok etdim. Dastlabki ­natijalarim mahalliy miqyosda edi, bu meni qanoatlantirmadi. Keyinchalik ustoz va jamoa yordamida xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni boshladim. Eng katta burilish 2024-yildagi jahon kubogida bronza medalni qoʻlga kiritishim boʻldi.

    Uning soʻzlariga koʻra, velosport kishiga iroda, sabr va maqsad sari intilishni oʻrgatadi. Eng muhimi, Fotima oʻziga ishonchni mustahkamlay oldi. “Asosiysi — qoʻrqmaslik. Birinchi qadamga koʻp narsa bogʻliq. Agar chin dildan mehnat qilsangiz, shugʻullansangiz, natija albatta boʻladi”, deydi u.

    Davlatimiz rahbari topshirigʻi bilan kecha Chirchiq shahrida barcha sharoitlari mavjud yangi uyning kalitini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Ha, shu paytgacha shaxsiy boshpanasi boʻlmagan sport yulduzi Fotima ­Saipova oilasi Prezidentimiz eʼtibori tufayli oʻz uyiga koʻchib kirdi.

    — Dilbandim mening faxrim, — deydi Fotimaning onasi Nilufar opa Saipova. — Imkoniyati cheklanganini hech qachon tan olmaydi, doim harakatda, oʻz ustida ishlab charchamaydi. Mana natijasi, mashaqqatli mashgʻulotlari ortidan oilamiz azaliy orzusiga yetishdi. Avvalo, buning uchun davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Oilamiz nomidan ertayu kech duodamiz. Bu qizimning jasorati, matonati, sabr-qanoati evaziga berilgan haqqoniy baho. Yurtimizda hech kim eʼtibordan chetda qolmasligi, inson qadri har narsadan ustun ekaniga yana bir dalildir.

    Nodir MAHMUDOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Jaloliddin ESONOV olgan suratlar.