Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov fargʻonalik saylovchilar bilan uchrashdi

    Saylov 6 Oktabr 2021 1310

    “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimovning Fargʻona viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Margʻilon shahridagi madaniyat markazida boʻlib oʻtgan tadbirda dastlab ishtirokchilarga Bahrom Abduhalimovning tarjimayi holi va faoliyati haqida hikoya qiluvchi videolavha namoyish etildi. Shundan soʻng Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov Fargʻona viloyatining oʻziga xos salohiyati, boy merosi xususida soʻz yuritdi.

    – Fargʻona nafaqat Oʻzbekistonning, balki Markaziy Osiyoning gavharidir, – deydi B.Abduhalimov. – Milliy hunarmandchiligi, buyuk allomalari, bebaho madaniyati barchamizning faxr-iftixorimizdir. Bu yerning tarixi bilan doimo qiziqqanman. Ahmad Fargʻoniy, Burhoniddin Margʻinoniy kabi allomalarimizning merosini chuqur oʻrganish, tadqiqotlar olib borish kun tartibidagi asosiy vazifalardan sanaladi. Ulardan faqat faxrlanish emas, ajdodlarga munosib boʻlishimiz lozim.

    Shundan soʻng saylovoldi dasturining muhim yoʻnalishlari bilan saylovchilarni tanishtirdi, adolatli jamiyat va adolatparvar davlat qurish borasida bir qator takliflarni ilgari surdi. Ijtimoiy hayotda adolatni taʼminlash muhim ekanligi misollar yordamida tushuntirib berildi.

    Deputatlarning saylovchilar va partiya odidagi masʼuliyati va hisobdorligini oshirish, ularning faoliyatini xalq hayoti bilan uzviy bogʻlash choralari koʻrilishi taʼkidlandi. Davlat boshqaruvining barcha sohalarida, ayniqsa, sud tizimi va huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyatida, taʼlim sohasida korrupsiyani yoʻq qilish asosiy maqsad ekanligiga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻqituvchilar obroʻ-eʼtibori va huquqiy maqomini yanada koʻtarish, ularning ish haqi va ijtimoiy mavqeini oshirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida “Oʻqituvchining maqomi toʻgʻrisida” qonun qabul qilinishi tashabbuskori boʻlishligi qayd etildi.

    Uchrashuv davomida partiya faxriysi Narimon Shodiyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari – Muhammadjon Valiyev, Gulbahor Saidgʻaniyeva, Fargʻona davlat universiteti oʻqituvchisi Shoxida Abbosova, Fargʻona “Ibratli Begim” nodavlat taʼlim muassasasi rahbari Shahnoza Gʻaniyeva, “Yuksalish liderlari akademiyasi” Fargʻona filiali xodimi Arabboy Fayozov, Oltiariq tumanidagi 26-umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori Abdugʻani Nabiyevlar soʻzga chiqib, saylovoldi dasturida koʻzda tutilgan masalalar, taklif va tashabbuslar haqida soʻz yuritdi. Nomzodni qoʻllab-quvvatlab, 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

    M. Sulaymonov,

    OʻzA