Nomzod oʻzining saylovoldi dasturida belgilangan asosiy gʻoya va tashabbuslardan kelib chiqib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar, nogiron farzandlarni tarbiyalayotgan ota-onalar, ogʻir ijtimoiy ahvoldagi ayollar uchun arzon uy-joylar qurish koʻlamini kengaytirish, uy-joylar qurish uchun imtiyozli ipoteka kreditlari berish amaliyotini takomillashtirish, “Kommunal xizmatlar tariflarini tartibga solish asoslari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish, olti yoshga toʻlgan bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlov bilan bepul toʻliq qamrab olish, har bir aholi punktida maktabgacha taʼlim muassasalarini ochish, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalaridagi oʻquvchi va tarbiyalanuvchilarni sifatli oziq-ovqat bilan kafolatli taʼminlash, bepul oliy taʼlim berish tizimini tartibga solishning zamonaviy mexanizmlarini qonuniy jihatdan mustahkamlash va amaliyotga joriy etish masalalari yuzasidan ham oʻz takliflarini aytib oʻtdi.

Uchrashuvda Maqsuda Vorisova saylovchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.

Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturi yuzasidan fikr-mulohaza bildirganlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga boʻlib oʻtadigan saylovda nomzod Maqsuda Vorisovani qoʻllab-quvvatlab, unga ovoz berishga chaqirdi.

F. UBAYDULLAYEV,

OʻzA