Uchrashuvda nomzodning Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi ishonchli vakili Leyla Seytova Narzullo Oblomurodovning tarjimayi holi va saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.
Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov soʻnggi yillarda Orolboʻyi xalqining ijtimoiy turmush darajasini yaxshilash, inson salomatligini mustahkamlash, ekologik muammolarni bartaraf etish sohasida olib borilayotgan xayrli ishlarda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, global iqlim oʻzgarishlari, havo haroratining koʻtarilishi, Orol dengizining qurishi, choʻllanish, salbiy meteorologik jarayonlarni takrorlanishi, yer hamda suv resurslaridan nooqilona foydalanish, biologik xilma-xillikning qisqarishi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi genofondining yomonlashuvi, koʻp miqdordagi sanoat va maishiy chiqindilarning toʻplanishi kabi global va mintaqaviy ekologik muammolarni paydo boʻlishiga olib keldi.
Ushbu muammolar iqlim oʻzgarishi sodir boʻlayotgan sharoitlarda yanada yaqqol namoyon boʻlib, Oʻzbekiston uchun atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik holatni yaxshilash ustuvor vazifa hisoblanadi.
Mamlakatda ekologik holatni yaxshilash, yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga yoʻnaltirilgan davlat siyosatini ishlab chiqishva amalga oshirish talab etiladi.
Bu yuksak vazifani mamlakat siyosiy maydonida yangi siyosiy kuch sifatida kirib kelgan va ilk bor Prezident saylovlariga oʻz nomzodini ilgari surayotgan Oʻzbekiston Ekologik partiyasi bajarishga qodir.
“Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostidagi saylovoldi dasturning bosh maqsadi – mamlakatda ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil taraqqiyot tamoyillarini iqtisodiyotning barcha sohalariga joriy etish orqali xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlari hamda farovon jamiyat barpo etishdan iboratdir.