“Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostida hozirgi va kelgusi avlodning qulay atrof muhitga ega bo'lish huquqlarini ta'minlash hamda ekologik barqarorlikka erishish maqsadida ish olib borayotgan O'zbekiston Ekologik partiyasi to'rt yoshga to'ldi. Shu munosabat bilan “O'zbekiston ekologik partiyasining to'rt yilligi munosabati bilan: sarhisob va ustuvor vazifalar” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Aytish joiz, partiya aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarning partiyaga bo'lgan ishonchini oshirish va bu orqali a'zolar safini kengaytirishga alohida e'tibor qaratmoqda.
— Xalqning xohish irodasini ifoda etishda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati sezilarli jonlandi. Mana shunday bir sharoitda bundan to'rt yil avval — 2019 yil 8 yanvar sanasida Ekologik partiyasiga asos solindi. Qisqa davr ichida partiyaning a'zolari soni 470 mingdan oshib, 4200 yaqin boshlang'ich partiya tashkilotlari tuzildi. 14 ta hududiy, 200 dan ortiq tuman va shahar partiya tashkilotlari faoliyati yo'lga qo'yildi. Partiyamiz dasturida Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, boshqa ekologik noqulay hududlarda atrof muhitni sog'lomlashtirish va aholi salomatligini saqlash, ekologik muammolarini hal etishga yo'naltirilgan innavatsion g'oya va texnologiyalarni, dastur va loyihalarni qo'llab-quvvatlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 180 ga yaqin aktsiyalarga aholi, yoshlar va keng jamoatchilik jalb etilib, shahar va qishloqlarda 106 800 tupdan ortiq mevali va manzarali daraxtlar ekildi. Birgina Mo'ynoq tumanida “Parlamentning Orolga nigohi”, “Orolga madad” mavzusida ekologik aktsiyalar tashkil etilib, 4 tonnaga yaqin saksovul urug'i va 15 mingdan ortiq ko'chatlar Orolning qurigan tubiga etkazib berildi. — deydi ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo'mitasi raisi Abdushukur Hamzaev.
Hududlarda atrof-muhitga zarar etkazish holatlari — daraxt kesish, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash, daryo va boshqa suv havzalarini ifloslantirish kabilar uchrab turibdi. Ana shunday holatlarni oldini olish, ularga qarshi kurashish maqsadida aholi bilan “qayta aloqa” mexanizmlarini kuchaytirish, fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish hamda ularda ko'tarilgan masalalarni hal etish maqsadida partiyaning “Ishonch telefoni” va telegramm botlari ishga tushirilgan. Ushbu qayta aloqa tizimlari kelib tushgan 1 981 ta murojaat asosida 741 marotaba jamoatchilik ekologik reydlari tashkil etildi. O'tkazilgan ekologik reydlarda 200 dan ziyod yuzaga kelishi mumkin bo'lgan ekologik muammolarning oldi olindi.
2023 yilda ham partiyadan tabiiy resurslarni asrash, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, aholini qiynayotgan chiqindi va boshqa ekologik muammolarni bartaraf etib, “Yashil iqtisodiyotga” o'tishga ko'maklashish kabi katta amaliy ishlarni kutib qolamiz.