Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov qayta tiklanuvchi va muqobil energiyani rivojlantirish masalasiga toʻxtaldi

    Saylov 11 Oktabr 2021 1651

    Qoraqalpogʻistonlik saylovchilar bilan uchrashuvda Ӯzbekiston Ekologik partiyasidan Ӯzbekiston Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni jadallashtirish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiyani rivojlantirish hamda iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish masalasiga tӯxtaldi.

    Jumladan, ekologik partiya Oʻzbekistonning “yashil” iqtisodiyotga oʻtish Strategiyasi, “2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish Konsepsiyasi” va boshqa istiqbolli davlat dasturlarini izchil amaliyotga joriy etilishini qoʻllab-quvvatlaydi.

    Ushbu maqsadlarda ilm-fanni jadal rivojlantirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash hamda sanoat, transport, qurilish va boshqa sohalarda ekologik modernizatsiyalashni amalga oshirish, eng zamonaviy ekologik toza texnologiyalarning joriy etilishini taʼminlash talab etiladi.

    Ekologik partiya “Yashil taraqqiyot – farovonlik asosi!” shiori ostida ekologik barqaror rivojlanishga yoʻnaltirilgan “yashil” siyosatni hayotga tadbiq etish gʻoyasini ilgari suradi. Energetika sohasining asosiy drayveri innovatsion texnologiyalar ekanligini inobatga olgan holda energetika sohasini tubdan modernizatsiya qilish orqali iqtisodiyotda ikki karra energiya samaradorligiga erishish, energiya isteʼmoli tejamkorligini ragʻbatlantirishning huquqiy asoslarini yaratish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari sohasida bozor mexanizmlarini tadbiq etish, energiya resurslari bozorida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, “yashil” tariflarni joriy etish, yangi quvvatlarni ishga tushirish orqali qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari ulushini umumiy energiya balansida 40 foizga yetkazish kabi ustuvor chora-tadbirlar amalga oshiriladi.