Nomzod avval Xovos shaharchasi Xovos temir yo‘llari madaniyat saroyida tashkil etilgan “Oltin kuz”, “Yosh tabiatshunoslar”, “Ekologik toza mahsulotlar” ko‘rgazmalari bilan tanishdi. Uchrashuvda viloyat, tuman, shahar partiya tashkiloti raislari, deputatlar, partiya faollari, OAV hamda jamoatchilik vakilari ishtirok etmoqda.
Uchrashuv avvalida nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturi haqida to‘liq ma’lumot berildi.
Nomzod o‘z saylovoldi dasturida “Yashil taraqqiyot – farovonlik asosi!” shiori ostida yashil iqtisodiyotni rivojlantirish g‘oyasini ilgari surmoqda.
– Jahonning eng ilg‘or mamlakatlari “yashil” iqtisodiyotga o‘tish ishlarini allaqachon boshlab yuborgan, – deydi Narzullo Oblomurodov. – Chunki dunyoning bugungi qiyofasi, tiklab bo‘lmas ekologik falokatlar va atrof-muhitga yetkazilayotgan zararlar mana shuni taqozo etadi. O‘zbekiston 2019 yilda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi” ni qabul qildi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatda uglerod sarfini keskin kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yetarli emas.
Partiya ushbu g‘oyani amalga oshirishda ustuvor vazifalarni belgilab olgan. Xususan, davlat byudjeti, bank va moliya institutlari, xususiy sektor mablag‘larini ekologik toza, energiya tejamkor loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan “yashil” moliyalashtirish tizimini rivojlantirish, davlat xaridlari tizimida “yashil” xaridlarga ustuvorlik berish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish, mamlakat iqtisodiyotida “yashil” iqtisodiyot ulushini 30 foizga yetkazish, shu asosda yillik iqtisodiy o‘sish sur’atini 7 foizdan yuqori bo‘lishini ta’minlash, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan foydalanishga o‘tish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya ishlab chiqaruvchilarga keng iqtisodiy va moliyaviy rag‘batlantirish tizimini joriy etish kabi loyihalar ilgari surilmoqda.
Shu asosda nomzod davlat tomonidan “yashil” ish o‘rinlarini yaratishni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy malakali kadrlarni tayyorlash kerak, deb hisoblaydi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuvi davom etmoqda.