Farmonga koʻra, davlat organlari va tashkilotlari, hamda boshqa tashkilotlarda ijro intizomini tashkil etishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • Qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning samarali mexanizmlarini joriy qilish;
  • hududlarda islohotlar natijadorligini oʻrganish va ijro intizomini mustahkamlash ishlarini sifatli tashkil etish;
  • davlat organlari va tashkilotlarda ijroni tashkil etishda birinchi rahbarlarning masʼuliyatini oshirish;
  • ijro intizomini nazorat qilish jarayonlariga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish.

Farmon bilan, Hisob palatasiga qoʻshimcha vazifalar yuklatildi, jumladan:

  • Qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishini oʻrganish bilan birga ularning aholi hamda tadbirkorlar uchun samaradorligini tahlil qilish;
  • ijro intizomini mustahkamlashga, mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyatini oshirishga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijalariga erishishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro etilishi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish.

2025-yil 1-sentyabrdan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining qisqartiriladigan shtat birliklari hisobidan Hisob palatasiga qoʻshimcha 10 ta boshqaruv shtat birligi ajratiladi.