Prokuror protestiga asosan 827 mln soʻmlik asossiz daʼvo bekor qilindi

    Endilikda, prokuror yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash va davlat byudjetidan undiruvlar bilan bogʻliq ishlarning sudda koʻrilishida ishtirok etish vakolatiga ega boʻldi.

    Fuqarolik protsessual kodeksiga 2024-yil 30-sentyabrdagi kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, fuqarolik sudlarida prokuror ishtirok etishi mumkin boʻlgan ishlar toifasi yanada kengaytirildi.

    Endilikda, prokuror yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash va davlat byudjetidan undiruvlar bilan bogʻliq ishlarning sudda koʻrilishida ishtirok etish vakolatiga ega boʻldi.

    Bosh prokuraturaning xabariga koʻra, prokurorlar oʻz vakolatlari doirasida sudda ishlarning koʻrilishida qatnashib, gʻayriqonuniy sud qarorlariga nisbatan protest keltirish amaliyotidan keng foydalanmoqda.

    Xususan, sud qarorlari bilan daʼvogar M.A.ning olib qoʻyilgan yer uchastkasidagi qurilma uchun 827 mln soʻm kompensatsiya undirish haqidagi daʼvo arizasi qanoatlantirilgan.

    Fuqarolik ishi hujjatlariga koʻra, 2006-yilda M.A.ga tuman hokimligi tomonidan 0,4 ga yaylov yer maydoni qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini quritish va qayta ishlab chiqarish sexi qurilishi uchun doimiy foydalanishga ajratib berilgan.

    Biroq M.A. tomonidan yaylov yer maydoni maqsadli foydalanilmagani bois, tuman hokimining yer ajratish qarori bekor qilingan. M.A. esa guyoki unga ajratilgan yer maydonida qurilma qurilganini asos qilib, sudga kompensatsiya undirish toʻgʻrisida daʼvo ariza kiritgan.

    Fuqarolik ishi hujjatlari sinchkovlik bilan oʻrganilganda, M.A. oʻziga ajratilgan 0,4 ga yer maydoni chegarasida emas, balki umuman boshqa joyda qurilma qurgani maʼlum boʻldi. Shuningdek, ushbu qurilma ham oʻzboshimchalik bilan qurilgan boʻlib, 2021-yildagi sud qarori bilan M.A. hisobidan buzdirilishi va yer maydoni oldingi holatiga qaytarilishi belgilangan.

    Zamonaviy texnologiyalar yordamida yer maydoni oʻrganilganda ham M.A. tomonidan unga ajratilgan 0,4 ga yer maydonida biror bir qurilma qurilmagani aniqlangan.

    Fuqarolik kodeksining 212-moddasi talablariga koʻra, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat mulk huquqini vujudga keltirmasligi va uning uchun kompensatsiya toʻlanishi talab etilmasada, sudlar davlat hisobidan M.A. foydasiga 827 mln soʻm undirish toʻgʻrisida asossiz qaror qabul qilgan.

    Sud qarorlari Bosh prokuratura tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga taftish tartibida keltirilgan protest asosida koʻrilib, M.A.ning asossiz daʼvo arizasi rad etildi.