Pul-kredit sohasida amalga oshirilgan islohotlar qanday natija berdi?

    2017-2022-yillarda Oʻzbekistonda pul-kredit sohasida amalga oshirilgan islohotlar va ularning qanday natija berganligi tahlil qilindi.

    Maʼlumki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda pul-kredit siyosati bosqichma-bosqich erkinlashtirilmoqda. Pul-kredit sohasida amalga oshirilgan islohotlar jarayonida asosiy eʼtibor valyuta siyosatini erkinlashtirish, bank xizmatlari ommabopligini oshirish, inflyatsion targetlash tartibiga bosqichma-bosqich oʻtish, bank sektorini erkinlashtirish kabi jihatlarga asosiy eʼtibor qaratildi.

    Ushbu islohotlar natijasida qanday natijalarga erishilgani barchamizga qiziq, albatta. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari ularning qanday natija berganligini tahlil qildi.

    Tahlil natijalariga koʻra, 2017-yilda Oʻzbekiston Markaziy banki almashinuv kurslarini unifikatsiya qildi va valyuta bozorini erkinlashtirdi. Bu oʻzbek soʻmining yagona kursi shakllanishiga olib kelib, korxonalarning xalqaro miqyosdagi faoliyatini osonlashtirdi.

    2018-yilda Markaziy bank boshqaruvi Moliyaviy ommaboplik alyansiga (Alliance for Financial Inclusion) aʼzo boʻlish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qildi va qator islohotlarni amalga oshirdi. Natijada, bank xizmatlarini masofadan koʻrsatuvchi tizimlardan foydalanuvchilar soni 15 marotaba, kredit qoʻyilmalari 7,4 marotaba, bank aktivlari 6,6 marotaba, jalb qilingan depozitlar hajmi 5,8 marotaba oshdi.

    2019-yilda hukumat inflyatsiyani targetlash boʻyicha 5 yillik strategiyani eʼlon qildi. Unda inflyatsiya darajasini 4-5 foiz atrofida ushlab turish vazifasi belgilandi.

    Bank sektori erkinlashtirildi, sogʻlom raqobat muhiti shakllantirildi va 2025-yilgacha oltita davlat bankini xususiylashtirish vazifasi qoʻyildi. “Ipoteka-bank”dagi davlat ulushining 75 foizi Vengriyaning OTP bankiga sotildi.

    Bank tizimida raqamlashtirish keng miqyosda amalga oshirildi. Banklarning mobil ilovalari soni 21 tadan oshdi. Raqamli banklar oʻz faoliyatini boshladi.