“Qadriyat” elektron platformasi va uning mobil ilovasi yaratiladi

    Raqamlashtirish 28 Dekabr 2023 680

    “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish va targʻib qilishni rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–405-son, 25.12.2023-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2024-yil 1-apreldan:

    • noyob va (yoki) yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi 20 nafar shaxs aniqlanib, ularga koʻmaklashiladi hamda faoliyatini baholash koʻrsatkichlari belgilab beriladi.

    Ushbu koʻrsatkichlarni bajargan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi shaxslar har oyda 5 mln soʻm miqdorida ragʻbatlantirib boriladi;

    alohida ahamiyatga ega nomoddiy madaniy meros namunalarini yozib olish va keng tarqatish uchun har yili 50 ta audiovizual asar yaratishga davlat buyurtmasi beriladi.

    Qarorga koʻra, nomoddiy madaniy meros namunalarini “tayyorlash–oʻrgatish–tiklash–ommalashtirish” yaxlit uzluksiz tizim asosida rivojlantiriladi.

    Nomoddiy madaniy meros namunalarini kompleks rivojlantirish boʻyicha ilmiy-amaliy va ijodiy maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

    Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutida etnofolklor laboratoriyasi tashkil etiladi.

    Institutga 2024-yildan har yili toʻlov-kontrakt shartnomasi asosida tayanch doktorantura uchun kamida 3 tadan, stajyor-tadqiqotchilik uchun kamida 2 tadan kvota ajratiladi.

    Shuningdek, 2024-yildan har yili:

    • madaniyatshunoslik, nomoddiy madaniy meros sohalari, xususan, maqom va baxshichilik sanʼati boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan xodimlar xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalariga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilish uchun yuboriladi;
    • mart oyida “Milliy qadriyatlar oyligi” tadbirlari va xalq sayillari oʻtkazib boriladi.

    2024-yil 1-oktyabrgacha “Qadriyat” elektron platformasi va uning mobil ilovasi yaratiladi.

    Platformaga nomoddiy madaniy merosni, jumladan maqom, baxshichilik namunalarini oʻzida saqlovchi va yetkazuvchilar haqidagi maʼlumotlar hamda ularning roʻyxati joylashtiriladi.