Avvalo, yurtimizdagi barcha moʻmin-musulmonlarni, butun xalqimizni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi — muborak
Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy qutlayman.
Bu qutlugʻ ayyomda hammamiz, avvalo, shunday fayzli va barokatli kunlarga yetkazgani uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz. Oila, mahalla va jamiyat ahliga mehr va eʼtibor koʻrsatish, koʻmakka muhtoj, ehtiyojmand kishilarga begʻaraz yordam berish, yaxshilik, sabru qanoat kabi ezgu fazilatlarni oʻzida mujassam etgan bu bayramning maʼno-mazmuni bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga gʻoyat uygʻun va hamohangdir. Ayni chogʻlarda butun insoniyat hayotiga tahdid solayotgan koronavirus kasalligi tezroq arishini, bemorlarga komil shifo berishini Haq taolodan soʻraymiz.
Taʼkidlash joizki, Qurbon hayiti buyuk bayram va quvonchli voqeadir. Ushbu bayram hijriy zulhijja oyining 10-kuni nishonlanadi. Bu oyda imkon qadar nafl ibodatlarni koʻpaytirish Allohga qurbat hosil qilish bilan boʻladi. Xususan, zulhijja oyining avvalgi oʻn kuni ashri zulhijja deyiladi, ushbu 10 kunda qilinadigan savobli amallar ajri juda ham ulugʻ. Imom Buxoriy va Imom Muslimdan keltirilgan hadisi sharifda Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men Allohning nazdida zulhijjaning avvalgi 10 kunida qilingan solih amallarga beriladigan savobli amallarni topmadim”, dedilar”.
Shu bilan birga, mana shu 10 kun ichida arafa kuni — ertaga hayit degan kun roʻzasi haqida Rasuli akram alayhissolatu vassalamdan mashhur hadis bor: “Arafa kunning roʻzasi bir yil avvalgi va bir yil keyingi gunohiga kafforot boʻladi, deb umid qilaman”.
Yaʼni bu muborak 10 kunda qilinadigan solih amallar ajri Alloh huzurida yana-da koʻproq boʻladi. Demak, moʻmin-musulmonlar koʻproq xayrli ishlarni qilishsa, koʻproq savobga ega boʻlishadi, insha Alloh.
Ushbu muborak bayramda qilinadigan amali solihlarning eng afzali — zulhijja oyining 10-kunidan boshlab, uchinchi kun quyosh botgunga qadar, yaʼni 3 kun ichida musulmon, oqil, balogʻat yoshiga yetgan, muqim va zakot berishga qodir boʻlgan kishilarga bir jonlik soʻyish vojib hisoblanadi.
Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonlik kunini bayram qilishga amr qilindim. Uni Alloh bu ummat uchun xos qilgandir”, dedilar. Demak, qurbonlik kunini bayram qilishni Parvardigori olam Paygʻambar alayhicsalomga amr qilgan. Alloh taolo faqatgina biz ummatlarga bu Qurbon hayitini oʻziga xos bayram qilib bergan.
Imom Nisoburiy aytadilarki, Alloh taoloning ushbu oʻn kechaga qasam ichishi bu kunlarning nechogʻli sharafli va ulugʻ ekaniga dalolat qiladi va unda dunyoviy va uxroviy manfaatlar borligini bildiradi.
Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh uchun ibodat qilishga zulhijjaning oʻn kunidan sevimliroq kunlar yoʻq. Uning har kunlik roʻzasi bir yillik roʻzaga, har tundagi ibodat Laylatul qadrdagi ibodatga tengdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Odatda hayit kunida hamma bir-birini ulugʻ kun bilan samimiy muborakbod etadi. Taʼkidlash kerakki, bu yil Qurbon hayitini karantin talablariga muvofiq, uy sharoitida, oila davrasida, hashamatsiz va kamtarona, tartibli nishonlaymiz. Birinchi oʻrinda bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi boʻlgan ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urugʻlarimizni, yoru birodarlarimizni telefon orqali yoʻqlaymiz. Ularning koʻnglini soʻrash va koʻtarishga harakat qilamiz. Bu kun barchaga quvonch ulashiladigan kundir.
Zero, ulugʻ allomalarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, deganlar. Islomning shiori boʻlgan Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan koʻra koʻproq namoyon qilishimiz lozim.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadisi sharifda marhamat qilib: “Qurbonlik qilish chiroyli amallardandir. U bandani dunyoda balolardan va oxiratda ofatlardan himoya qiladi”, deganlar.
Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim qurbonlikka jonliq olish uchun bozorga borsa, Alloh taolo har bir qadamiga oʻnta savob ato etadi va oʻnta gunohini kechiradi va martabasini oʻn daraja koʻtaradi. Jonliqni savdo qilayotganda aytgan soʻzlarini tasbeh oʻrnida qabul qiladi. U uchun bergan har bir dirhamiga yetti yuz dirhamning savobini beradi. Qurbonlikning har qatra qonidan oʻnta farishta yaratadi va ular qiyomatgacha uning uchun istigʻfor aytadilar. Qurbonlik goʻshtining har luqmasi uchun Ismoil alayhissalom farzandlaridan bir qulni ozod qilganlik savobini beradi”, deganlar.
Qurbonlik ibodat boʻlishi bilan birga uning ijtimoiy ahamiyati ham beqiyos. Qurbon hayiti —xayr-ehson, saxovat, mehr-muruvvatbayrami. Unda qilinadigan qurbonliklar esa jamiyatda kishilar oʻrtasida insoniy fazilatlarni rivoj topishida xizmat qiluvchi vosita. Chunki qurbonlik goʻshtidan va taomidan ehson qilishimiz qalblarimizni yumshatib, mehr-muhabbat rishtalarini mustahkamlaydi.
Taʼkidlash joizki, bugungi koronavirus kasalligi keng tarqalgan damlarda sabr qilib, sukut saqlash moʻminlarga ham qonuniy, ham ibodat tavsiyasi boʻladi. Bu sinovli kunlarga sabr va shukr qilishimiz Allohning rahmatiga noil boʻladi.
Muhtaram Prezidentimizning “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Unda Qurbon hayitini karantin talablariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻtkazishga alohida urgʻu qaratildi. Shuningdek, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ulamolar kengashining Qurbon hayitini koronavirus pandemiyasi davrida karantin talablariga muvofiq oʻtkazish toʻgʻrisidagi bayonoti ham tarqatildi.
Bugungi vaziyatni inobatga olgan holda sharʼiy koʻrsatmalar va fiqhiy qoidalar asosida moʻmin-musulmonlar Qurbon hayitining karantin talablariga muvofiq, uy sharoitida, oila davrasida, hashamatsiz va kamtarona, tartibli oʻtkazishlari alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, Qurbon hayiti bayramini oilamiz bagʻrida oʻtkazish, sabrli boʻlish, duoyu iltijolarni koʻpaytirish, yaxshi kunlarga umid bilan yashash lozim. Qurbon hayiti mehr-oqibat, ezgulik, birovlarga yaxshilikni sogʻinish ayyomi ekani, bugungi karantin davrida bizning yaxshiligimiz keksalar, bemorlar xonadonlariga borib ularning holidan xabar olish emas, aksincha, bormasdan telefon orqali hol-ahvol soʻrashdir. Hayit kunlarida oʻz ahli oilamizni xursand qilish, farzandlarimizni kelajakda ilmli, maʼrifatli, ziyoli qilib tayyorlash, karantin davrida farzandlar tarbiyasi bilan koʻproq mashgʻul boʻlishga urgʻu qaratishimiz kerak.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ulamolar kengashining Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisidagi bayonotida aytilganidek, shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Hayit namozi vojib amal boʻlgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozini ado etish soqit boʻladi.
Islom dini manbalarida Qurbon hayiti namozi vojib amal ekani bayon etilgan. Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan juma namozi vojib boʻlgan kishilarga hayit namozi vojib ekani naql qilingan. Juma namozi Qurʼon, sunnat, ijmo kabi qatʼiy dalillar bilan sobit boʻlgan farz amaldir. Modomiki muayyan uzrlar bilan farz boʻlgan juma namozini vaqtincha toʻxtatib turish toʻgʻrisida ulamolar fatvosi qabul qilingan ekan, vojib amal boʻlgan hayit namozini oʻqimaslik ham oʻz-oʻzidan maʼlum boʻladi. Bayon etilganlardan kelib chiqib, 2020-yilgi Qurbon hayiti (Iydul adho) namozini pandemiya davrida jamoat boʻlib oʻqish imkoniyati mavjud emasligi moʻmin-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.
Hanafiy mazhabining moʻtabar manbalarida kelishicha, hayit namozi Zuho (choshgoh) namozining oʻrniga qoʻyilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli oʻqilmay qolsa, ikki yoki toʻrt rakat nafl namoz oʻqish mustahab boʻladi. Toʻrt rakat oʻqigan afzal.
Hozirgi xalqimiz boshiga ogʻir ish tushgan bir pallada muhtaram Prezidentimiz boshchiligida hukumat aʼzolaridan tortib viloyat rahbarlari va mutasaddi tashkilot vakillarigacha, ayniqsa, sogʻliqni saqlash xodimlari, yuksak masʼuliyatni his etgan holda kunni tunga ulab, oʻz jonlarini xatarga qoʻyib, koronavirus xastaligini jilovlash boʻyicha jiddiy kurash olib bormoqdalar.
Mazkur oʻrnatilgan tartib-qoidalar va cheklovlar barchasi aholimiz salomatligini asrab-avaylash uchun qilinmoqda. Buni teran aql bilan toʻgʻri tushunishimiz kerak. Xalqimiz hayotini saqlash yoʻlida amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlashimiz lozim boʻladi. Har birimiz oʻzimiz, oilamiz, farzandlarimizning sogʻligʻi va taqdiri uchun, avvalo, oʻzimiz masʼul ekanimizni chuqur anglashimiz lozim.
Alloh taolo bandalariga yetgan aziyatlar sababli ularning darajalarini koʻtarishni xohlaydi. Bu haqda Hazrati Paygʻambar alayhissalom bir nechta hadislarida marhamat qilganlar: “Moʻmin kishiga biror tikan kirsa yoki undan kattaroq musibat yetsa, albatta, Alloh ana shu sababli uning darajalarini koʻtaradi yoki uning xatolarini oʻchiradi (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa bir hadisi sharifda Hazrati Paygʻambarimiz alayhissalom aytadilar:
“Moʻmin kishining ishlari ajoyib. Uning barcha ishlari yaxshilikdir. Bunday imkoniyat hammaga emas, faqat moʻmin-musulmonlargadir. Agar unga kengchilik yetsa, shukr qiladi va bu unga yaxshi (savob) boʻladi. Agar unga qiyinchilik yetsa, sabr qiladi va bu ham unga yaxshilikdir (Imom Muslim rivoyati).
Taniqli ulamolardan Rizouddin ibn Faxruddinning bunday soʻzlari bor: “Odam bolasi qaygʻu, hasrat koʻrmay umr kechirishi mumkin emas. Turmush va hayot tikanli changalzor ustidan yurishdan, mashaqqat toʻlqinlari bilan kurashib suzishdan iborat. Aqlli kishi shu mashaqqatlardan qoʻrqmasligi, kelajakdagi rohatlarga umid bogʻlab, ushbu mashaqqatlardan yengilmasligi, koʻnglini choʻktirmasligi zarur. Har ogʻirlik ortidan bir yengillik kelishini Yaratganning oʻzi vaʼda qilib qoʻygan. Oqil kishi, albatta, shu vaʼdani xotirlab, koʻnglini xotirjam qiladi, oʻziga tasalli beradi”.
Hazrati Ali (karamallohu vajhahu): “Sabr qoqilmas ulovdir, qanoat qayrilmas qilichdir”, deganlar.
Demakki, bu oʻrnatilgan tartib-qoidalarni toʻgʻri tushungan holda amal qilib, boshga kelgan sinovlarni sabr-qanoat ila, yorugʻ kunlarga umid bilan yengib oʻtish lozim boʻladi.
Siz azizlarni Islom dinining ezgu gʻoyalarini yaqqol ifoda etuvchi bayram — Qurbon hayiti bilan chin qalbdan muborakbod etaman! Sizlarga oilaviy baxtu saodat, sihat-salomatlik, dinu dunyo ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman! Alloh butun dunyoga ofiyat bersin! Kelasi shu oy shu kunlarga sogʻ-salomat, tinchlik-osudalikda yetib borishimizni nasib aylasin!
Yana bir bor barchangizga Qurbon hayiti muborak boʻlsin!
Usmonxon ALIMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy









