Oʻrganilgan obyektlarning “Ochiq osmon ostidagi muzey”ga aylantirilishi yangi turizm marshrutini yaratishga xizmat qiladi. Misol sifatida Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumanidagi Qanqa yodgorligini koʻrsatib oʻtish mumkin. Ushbu yodgorlik Toshkent shahrining eng yirik va qadimiy poytaxt shaharlaridan boʻlib, XI-XII-asrlarga qadar Buyuk ipak yoʻlidagi savdo aloqalarida eng muhim shahar sifatida tilga olingan. Xitoy, fors, Yevropa manbalarida tilga olingan bunday yirik shahar oʻrganilishi boshlangan.

Toshkentdan 70 km janubi-gʻarbda, Oqqoʻrgʻon tumani hududidagi Qadimgi Qanqa shahri yodgorliklari eramizdan oldingi IV – III asrlarga oid boʻlib, XII asrgacha Toshkent vohasi hayotida muhim oʻrin tutadi. Shu sababli, Qanqa shahri Chochning eng qadimgi poytaxti deb qaraladi.

Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimlari Surʼat Kubayev, Gennadiy Bogomolov hamda markaz tayanch doktoranti Doston Badriddinovlar ushbu yodgorlikda oʻrganish olib borishdi.

Qazishmalar davomida oʻrta asr qurilishlari ostida ibodatxonaga tegishli boʻlgan ulkan inshoot qoldiqlari ochildi. Inshoot devorlari yonidan V-VII asrlarga tegishli devoriy rasmlar boʻlaklari topildi. Devor rasmlarida qizil va qora ranglar ishlatilgan.

Ulkan inshootning katta oʻlchamlari ilk oʻrta asrlarga tegishli ibodatxonaning sharqiy old qismida ulkan zal boʻlganini koʻrsatmoqda.

Zal ichki qismidan devor rasmi parchalarining topilishi, uning hashamatli diniy marosimlar oʻtkazishga moʻljallanganini tasdiqlaydi.

Shunday qilib, yunon-rim, xitoy va arab manbalarida tilga olingan Marakaziy Osiyoning sanoqli shaharlardan biri boʻlgan Qanqa yodgorligidagi keng koʻlamdagi tadqiqotlar yurtimiz tarixi haqida yanada koʻproq maʼlumotlar berishi bilan birga, Toshkent vohasi hududida yangi turistik marshrutni yaratishga ham imkon beradi.