Mustaqillik davrida, ayniqsa, inson qadri hamda qaddi yuksalayotgan soʻnggi yillarda barcha millat va elat farzandlarining puxta bilim olishi, qobiliyatini namoyon etishi, madaniyati, sanʼati, urf-odat va anʼanalarini rivojlantirishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Iqtisodiyotimiz yuksalishi, xalqimiz farovonligining oʻsishi, yangi Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatida obroʻ-eʼtibori va nufuzi ortib borayotganida ushbu doʻstlik va hamjihatlikning ahamiyati beqiyosdir.
Yurtimiz va qoʻshni davlatlarda yashayotgan turli millat vakillarining ahil-inoq hayot kechirishi, oʻzaro doʻstlik, hamkorlik, hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashda adabiy aloqalar, badiiy tarjimaning ahamiyati ham katta, albatta.
Namanganlik yozuvchi, tarjimon Qodirjon Nosirov bilan Doʻrmonda tanishganmiz. Qodirjon aka dastlab bir necha hajviyamni tarjima qildi. Oʻzim koʻp yillardan buyon qardosh xalqlar adiblarining komediya, hikoya va hajviyalarini tarjima qilib, oʻzbek kitobxonlariga taqdim etib kelyapman.
Soʻnggi yillarda rus tilida “I smex, i grex”, qirgʻiz tilida “Nыmkese”, qoraqalpoq tilida “Esim qurыsin” kitoblarim chop etildi. Oʻn bosma taboqdan ortiqroq hajmdagi “Amerikalыq qonshularim” (Amriqolik qoʻshnilarim) nomli yana bir kitobim Bishkekda nashr etildi. Oʻgirilgan asarlarim asosan, hajviya va hangomalar ekani bois, oʻzbek kulgisi boshqa millatlar orasida ham jaranglashiga hissa qoʻshayotganimdan mamnunman.
Har qanday ijodkor asarlarini koʻproq oʻquvchi oʻqishini istaydi. Bu hol koʻp jihatdan tarjimon va noshirlarga bogʻliq. Turli xalqlar orasida muxlislarim doirasi kengayib borishida hajviya, hangomalarimni rus tiliga oʻgirgan Qodirjon Nosirov, qirgʻiz tarjimonlari Toʻraboy Joʻroyev, Aytmirza Abilqasimov, qoraqalpoq shoiri va tarjimoni Turkmenboy Jiyemuratovning xizmatlari katta.
Esimda “I smex, i grex” taqdimoti oʻzim koʻp yillar ilmiy-pedagogik faoliyat yuritgan Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida oʻtkazilgandi. Oʻshanda bu kabi tadbirlar millatlararo doʻstlik va qardoshlik aloqalari mustahkamlanishida ahamiyatli ekanini dildan his qilganman.
Qoraqalpoq shoiri va tarjimoni, doʻstim Turkmenboy Jiyemuratov bilan ham Doʻrmon ijod uyida tanishganmiz. U avval hajviyalarimni tarjima qilib, “Erkin Qoraqalpogʻiston”, “Qoraqalpoq adabiyoti”, “Qoraqalpoq yoshlari” gazetalari, “Amudaryo” jurnali sahifalarida eʼlon qildi. Keyin kitob qilish istagi tugʻilgach, Beknazar Yernazarov, Marat Taoʻmuratovning tarjimalari ham qoʻshildi va “Esim qurыsin” toʻplamim Nukusda “Jazыoʻshы” nashriyotida chop etildi.
Qirgʻizistonlik ijodkor doʻstlarimiz bilan oʻzaro bordi-keldi va ijodiy aloqalarimiz ham samarali boʻlyapti. Bir guruh ijodkorlar 2022-yil may oyida Qirgʻizistonning Laylak tumanida ulugʻ qirgʻiz oqini Qurbonali Sobirov tavalludining 80 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan adabiyot kunlarida ishtirok etgandik.
Goʻzal va maftunkor tabiati, adabiyot va sanʼatga oshno, mehmondoʻst va bagʻrikeng xalqi bilan bizda bir olam taassurotlar qoldirgan qardoshlar diyorida adabiyot kunlariga Bishkekdan kelgan qirgʻiz xalq oqini Akbar Risqul, taniqli shoirlar Oʻmirbek Tillaboyev, Ablaat Doorov, oʻzbek-qirgʻiz adabiy aloqalari jonkuyarlari, shoir Oxun Joʻra, jurnalist Sohiba Shokirova kabi koʻplab ijodkorlar bilan tanishdik, bir-birimizga kitoblar sovgʻa qildik.
Safardan qaytganimizdan soʻng uncha koʻp vaqt oʻtmay, telefonimga “Kitobingizning tarjimasi nihoyasiga yetdi. ... raqamga qoʻngʻiroq qiling”, degan xabar keldi. Qoʻngʻiroq qildim. Goʻshakni adabiyot kunlarida tanishgan shoir doʻstimiz, Qirgʻizistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Toʻraboy Joʻroyev oldi va “Nimkosa” kitobim unga maʼqul boʻlganini, safarda yurganimizdayoq tarjimani boshlaganini, qaytgach, boshqa ish qilmay uni yakunlaganini, endi kitobni nashr ettirish niyatida ekanini aytdi. Kitobcha koʻpchilikka manzur boʻlayotganini qoʻshib qoʻydi. Mamnun boʻlib, minnatdorlik bildirdim.
Oradan bir muncha vaqt oʻtib, kitob nashr etilgani haqida xabar oldik. Keyinroq qirgʻizistonlik ijodkor doʻstlarimiz shu jajji kitobim taqdimotiga taklif etdi. Oʻsh davlat universitetida qirgʻiz tilida chop etilgan “Nыmkese” kitobim taqdimoti munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy, adabiy-badiiy anjuman boʻldi. Qirgʻiz yigit-qizlarining qizgʻin savol-javob, muloqotlari ularning kitobga, badiiy adabiyotga oshno ekanini yaqqol koʻrsatdi.
Keyinroq “Amir Temur va Temuriylarning dunyo sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusida hamkorlikdagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani Oʻsh shahrida yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida Xalqaro Amir Temur jamoat fondi raisi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali rahbarligida bir guruh olim va ijodkorlar bilan qardoshlar yurtida boʻldik.
Tarixchi olimlar, ijodkorlar, jurnalistlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etgan anjumanda Sohibqiron bobomizning adolatni oʻziga shior qilib olgani, muhri va uzugida ham “Kuch — adolatda” shiori bitilgani, davlat boshqaruvi, harbiy yurishlariyu oddiy maishiy munosabatlarda ham adolat tamoyillariga qatʼiy amal qilgani haqida soʻz bordi.
Amir Temur hayoti, faoliyati va maʼnaviy merosini, davlat boshqaruvi, adolat tamoyillari, inson qadrini ulugʻlash borasidagi qarashlarini oʻrganish va targʻib qilish bugungi kunda davlatlararo manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega ekani eʼtirof etildi. Ilmiy-ijodiy hamkorlik ishlari koʻlamini kengaytirish va samaradorligini oshirish xususida fikr almashildi.
Mamlakatimizda soʻnggi yetti-sakkiz yilda yaqin qoʻshnilar bilan aloqalarimizni tiklash va yaxshilash boʻyicha katta ishlar qilindi. Natijada qardosh xalqlar aloqalarini kengaytirish, doʻstligini mustahkamlash va rivojlantirishga erishilmoqda.
Har gal adabiy aloqalarimiz, mustahkam qardoshlik rishtalarimiz haqida oʻylaganimda, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning quyidagi satrlari quloqlarim ostida jaranglaydi:
Matlab bir boʻlmasa — jam boʻlmagaymiz,
Jam boʻlsak — boshimiz xam boʻlmagaymiz.
Jam qilsak, insofu diyonatni ham,
Dunyoda hech kimdan kam boʻlmagaymiz
Habib SIDDIQ,
Oʻzbekiston Yozuvchilar
uyushmasi aʼzosi









