Qaro koʻzum, kelu mardumligʻ emdi fan qilgʻil,
Koʻzum qarosigʻa mardum kibi vatan qilgʻil.
Bola edim. Gʻazal muallifi Navoiy ekanligini bilsam va uni ijro etayotgan Yunus Rajabiyning xushovozligiga tan berib, uydagilar kabi “Ushshoq”ni alohida mehr bilan tinglasamda, qoʻshiq maʼnosini anglamasdim. Faqat shu maʼlum ediki, “Qaro koʻzum” oddiy ashulamas, balki gʻam-gʻussaga limmo-lim qalb nolasi. Yurakni titratuvchi faryod.
Taʼsirlangan tinglovchining koʻz yoshiyu, hofizga qoʻshilib nola qila boshlaganiga ham guvoh boʻlganmiz.
Musiqa sehrini bilamiz. Mehridan ham bolalikdan bahramandmiz, yaʼni dilrabo kuy-qoʻshiqni hammamiz yoshligimizdan yaxshi koʻramiz.
Yuragimizga yaqin nazm va navo bizni oʻtmishga, begʻubor baxtli damlarimizga qaytara oladi. Shaxsan men yoqimli xotiralar uygʻotuvchi dilrabo kuylar, ohangdor lirik sheʼrlar bilan bir safda qalbga sokinlik bagʻishlovchi “Qaro koʻzum”ni ham tinglashni juda yoqtiraman.
Qaro koʻzum, kelu...
Qudrat soʻzdami yo ohangda?
“Toshkent Ushshogʻi” oʻzaro ohang va soʻz uygʻunligining benazir namunasimasmi?
Lekin Navoiy...
Kim boʻlgan ekan “Qaro koʻzi?”
U (yoki uning lirik qahramoni) yurak-yurakdan kimni chorlamoqda, koʻzi qarosida mardum (koʻz qorachigʻi) kabi vatan qilishini istab? Orzuidagi qora koʻzli mahbubasinimi?
Oddiy mahbubamas, balki maloikadir u qora koʻz – farishtani chaqirayotgandir bu buyuk ilohiy ishq kuychisi? Yaʼniki, kela qol, farishtam, odamlarga xos xususiyat kasb etib, koʻzim qorachigʻiga joylashgin!..
Mashhur gʻazalning har bayt, har misrasi adabiyotshunos olimlar, donishmandlar tomonidan allaqachon oʻz sharhini topgan. Xoh mahbuba boʻlsin, xoh farishta, “qora koʻz”ning qay darajada shoir uchun ardoqliligi bininib turibdi, deya ular xulosa chiqarishgan.
Navoiy – durlar toʻla behudud ummon. Shunchalar tubsiz va bepoyon ummonki, har bir oʻquvchi (kitobxon) undan oʻzi xohlagan durni, oʻzi anglagan maʼnoni, oʻzi his qilgan tuygʻuni topishi, maʼlum bir xulosaga kelishi mumkin.
“Qaro koʻzum”ni oʻqiymiz.
Bir-birini toʻldirgan, mutanosiblik kasb etgan har ikki misra – bir baytda bir (balki bir olam!) maʼno mujassam. Har baytni sharhlashga esa uch-toʻrt varaq qogʻoz kamlik qiladi goʻyo. Har bayt zamirida yotgan chuqur falsafiy mazmun – alohida bir kitob, desak bulolagʻa boʻlmas. Ayni chogʻda gʻazaldagi har baytni mazmunan bir-biriga bogʻlovchi noayon rishta borligini ham anglab, Navoiyning adabiy mahorati, maftunkorligiga tan bermay ilojimiz yoʻq.
Takror-takror oʻqiymiz gʻazalni, “Toshkent Ushshogʻi”ni qayta-qayta tinglaymiz. Yurak mungli sado taratar, xuddi nozik torlariga kimdir tirnoq urayotgandek. Dard qoʻshigʻi kuychisining oshuftahol siymosini koʻz oldimizda gavdalantiramiz, maʼnaviy-ruhiy iztiroblarini his etamiz, majruh koʻngli sirlariga (maʼlum darajada, albatta) oshno boʻlamiz, lekin gʻazal zamirida yotgan asl maʼo-mohiyatni toʻlaligicha anglab olamizmi yoki yoʻq... bu gumon.
Kuy va qoʻshiq...
Shunday hofizlar borki:
Nola qilsa yurak-yurakdan,
Toshbagʻir ham etadi faryod.
Oshiq bulbul oshufta va lol,
Ne koʻylarga tushar odamzod!
Musiqadan tabiat yashnaydi, filday haybatli hayvonning ham yuragi yayrab, raqsga tushadi (Hindistonlik rassom Amrita musiqa havosida raqs qilayotgan filni mohirona tasvirlagan). Insonchi?
Xursandchilik, baxtli lahzalar nishonasi – musiqadan sehrlangan odam gohida ruhiyatni, vujudni boshqarolmay qoladi, surur va hayajon yurakdagi eng shirin tuygʻularni qoʻzgʻab yubordimi, qoʻshiq tugʻiladi.
Lekin gohida qattiq qaygʻuga botgan odam bolasi navo ummoniga gʻarq boʻlgisi kelar, nola qilar, aytib-aytib dardini chiqarar va taskin topar ekan.
“Qaro koʻz-um...” – deb nola qilyapti hofiz...
Bolaligimda ijrochining (yo shoirning) qora koʻzi – bevaqt ketgan jigarbandi, “Qaro koʻzim” – bu marsiya, degan gapni eshitgan edim. Bu naql “Ushshoq”ning birinchi ijrochisi – mashhur Toʻychi hofiz Toshmuhamedovning shaxsiy hayotiga taalluqli ekan. Hofiz umrining soʻnggi yillarida taqdirning qattiq zarbasiga duchor boʻladi – oʻttiz uch yoshli farzandi toʻsatdan vafot etadi. Oʻzining dardu hasratini kuyga solib, u bemahal xazon boʻlgan “qora koʻzi”ni qabristonga kuzatadi. Natijada “Ushshoq” (oshiqlar dardi) yuragi alangalagan otaizorning dardlariga qorishib, marsiyaga aylanib, “Girya” nomi bilan ham mashhur boʻladi.
“Xazon sipohi”yu, “gul bargidan kafan” kabi iboralarga duch kelamiz. Hofiz nola qilyapti – motamning vazmin ohangi eshitilyapti bamisoli.
Shoir gʻazalni bagʻoyat tushkun kayfiyatda – hayotining ogʻir damlarida yozgandek. Shunday ham tuyuladiki, hajr va alam olovida yonayotgan lirik qahramon shu topda Azroilga ehtiyoj sezyapti – daʼvat etilayotgan ajal boʻlsa, daʼvat etuvchi sogʻinch hissi bilan uni yoniga chorlamoqda! Iltijo qilaman, kel... kel...
Taniqli olim Boyboʻta Doʻstqorayev shunday deb yozgandi: “Navoiyning «Qaro koʻz”i, avvalo, jon olgʻuvchi maʼshuqa... Gʻazalda maʼlum darajada oʻlim falsafasi ham aks etgan. Bu falsafaning mohiyatiga singdirilgan oʻlim yoʻqlikka emasa, bandasining Allohga yetishi, qoʻshilib ketishi bilan bogʻlangan abadiylikka erishish yoʻlidir».
Ibrohim Haqqulning “Qaro koʻzum kelu...” maqolasining ikkinchi nomi “Bir bayt tahlili”. Unda mashhur gʻazalning birinchi bayti tahlil qilingan. Adabiyotshunosning fikricha, “Navoiy «Qaro koʻzum, kelu mardumligʻ emdi fan qilgʻil”, deya murojaat va daʼvat aylagan Shaxs din, maʼrifat, ishq ahlining piri komili edi. Shoir bu ulugʻ zotdan “mardumligʻ” tilaganda undan yetadigan bezavol fayz, baqo qulflarini ochadigan maslak va maʼrifat nurini nazarda tutgandi».
“Qaro koʻzum” toʻgʻrisida oʻnlab maqolalar eʼlon qilingan boʻlsa, Alibek Rustamov, Ismoil Bekjon, Abdulla Aʼzamov, Erkin Musurmonov singari donishmandlarning, shuningdek, ulugʻ shoirimiz Erkin Vohidovning sharh va talqinlari alohida ahamiyat kasb etgan. Professor Najmiddin Komilovning tafsiri nisbatan mukammalroq boʻlib, boshqalar gʻazalni baytma-bayt, misrama-misra tahlil qilishga uringan boʻlsa, u soʻzma-soʻz tushuntirishga ham harakat qilgan. Birinchi baytdagi “koʻz” – komil inson timsoli, keyingi baytdagi “qad” esa (alif ham) komil inson haykalidir, “yuz” ilohiy goʻzallar mazhari, “yuzing guli” – mazharning porlashi, shuningdek, “koʻngil ravzasi” (bogʻi) – oshiqning yorga intizor qalbi...» deb sharhlagan edi zabardast muhaqqiq. Komil inson haykalini ulugʻ Navoiy jon ichida tasavvur etgan, degan xulosasi ham bor sharhlovchining.
Najmiddin Komilovning “Taaasavvuf” kitobida quyidagi satrlarga duch kelamiz: “Jon” soʻzi arabcha yozilganda alif harfi oʻrtada keladi, shu maʼnoda, Navoiy “qading alifday jon ichida boʻlsin”, degan maʼnoni qistirib oʻtgan».
Shuni ham unutmaslik joyizki, Yaratganning bir nomi Alif. Yana bir ismi – Jonon. Uning joyi komil insonning joni ichida. Shundan kelib chiqsak, “Qaro koʻzum” ilohiy mazmunidagi gʻazallarning oliy namunasi.
Turli yillarda yozilgan maqolalarni oʻqib, gohida qarama-qarshi talqinlarga ham guvoh boʻlamiz. Ayrim hollarda satrlar qatida yashirinib yotgan maʼnolarni har kim har xil tushungan va izohlagan, “dunyoviy maʼno” va “ilohiy mazmun”ni ajratish baʼzan qiyin kechgani bahs-munozalarga sabab boʻlgan. Haqiqiy va majoziy ishqni sharhlashda chalgʻisak, yaʼni talqinda ishtibohga yoʻl qoʻysak, gunohkor boʻlishimiz mumkin, deb yozgandi mashhur adib Omon Muxtor. Biroq buyuk Navoiyning sanʼat va mahorat sirlari hali toʻlaligicha ochilmagandek tuyulsada, shoirning satrlararo jo boʻlgan koʻngil sirlariga oshno boʻlishimizda mavjud sharhlar muhim ahamiyatga ega.
Gʻazalning sermaʼnolik jihatlarini butunligicha idrok eshish, albatta, bagʻoyat mushkul, shunga qaramay sharhlar yordamida nimanidir anglasak – “Qaro koʻzum” Ilohga intilgan ruh nolasi ekanligini dildan his etsak, yanada eʼtiborliroq holda “Ushshoq”ni tinglaymiz, qoʻshiq ruhiyatimizga boshqacharoq taʼsir qiladi.
Muhammad SHODIY