Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida oʻtkazilgan reyd davomida 1979 va 1983-yillarda tugʻilgan aka-ukalarning xonadoni koʻzdan kechirildi. Tekshiruv natijasida gugurt qutilari va sintetik qoplarga yashirilgan, jami ogʻirligi 21 kg 712 gramm boʻlgan “marixuana” giyohvandlik vositasi topildi. Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi, muqaddam bir necha bor sudlangan shaxsning “Oʻrikzor” bozoridagi doʻkoni koʻzdan kechirildi. Natijada tarkibida “sibutramin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi boʻlgan “30 Slimming”, “MAX Slimming” va “Keto Coffee” nomli jami 28 984 dona mahsulot sotish maqsadida saqlab kelinayotgani aniqlandi. Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 251(1)-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Yana bir holat Zangiota tumanidagi TIR-park hududida qayd etildi. Xorijiy davlat fuqarosi boshqaruvidagi yuk avtomashinasi salonidan “gashish” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi. Chet el fuqarosiga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquq-tartibot organlari fuqarolarni ogohlantirib, sifati kafolatlanmagan va shubhali tarkibga ega “ozish uchun” vositalarini xarid qilmaslikka, giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyatlar uchun qonunchilikda ogʻir jazolar belgilanganini eslatib oʻtadi.