Unda viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari, malakali shifokorlar hamda OAV xodimlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi.
Anjumanda vohada tibbiyot sohasining bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani misollar tariqasida aytib oʻtildi. Jumladan, shu paytgacha xorij va poytaxtning nufuzli klinikalarida bajarib kelingan koʻplab murakkab yuqori texnologiyali operatsiyalar endilikda viloyatning oʻzida bajarilayotgani katta yutuqlardan biri ekanligi haqida toʻxtalib oʻtildi.
Xususan, hozirda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filialida aorta koronar shuntlash, yurak toj tomirlariga stentlash, elektrokard iostimulyator implantatsiyasi, boʻlmachalararo va qorinchalar toʻsiq nuqsonlarini minitorakotomiya usuli yordamida berkitish, boʻlmachalararo va qorinchalar toʻsiq nuqsonlarini oklyuder yordamida berkitish, yurak klapanlari plastikasi va protezlash amaliyoti, yurakning murakkab aritmiyalarida yurak elektrofiziologik tekshiruvi va radiotoʻlqinli ablatsiya singari juda murakkab kardiojarrohlik amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialida buyrak transplantatsiyasi operatsiyalari amalga oshirilmoqda.
Qashqadaryo viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida birgina joriy yilning besh oyi davomida 110 ta yuqori texnologiyali operatsiya bajarildi. Xususan, vohada ilk bor tizza boʻgʻimini endoprotezlash, “Eversion KEAE” (uyqu arteriyasidan xolesterin pilakchalarini olib tashlash), “Transabdominal laparoskopik oʻng tomonlama nefroektomiya” (bujmaygan buyrakni endoskopik usulda olib tashlash) singari noyob jarrohlik amaliyotlari yoʻlga qoʻyildi.
Mavzuga doir eng katta yangiliklardan biri — Qashqadaryoda bolalar kardiojarrohligi boʻlimi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani haqida maʼlumot berib oʻtildi.
Viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida tashkil etilgan bu boʻlim tashabbusli byudjet tanlovlari orqali kardiojarrohlik amaliyotlari oʻtkazishga doir 1 milliard 200 million soʻmlik eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan taʼminlandi.
- Bu yerdagi ayrim uskunalarga nufuzli klinikalar jarrohlarining ham havasi ortishi tabiiy,-deydi Viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bolalar kardiojarrohlik boʻlimi shifokori Rahmatilla Ravshanov.- Bugungi kunda boʻlimga xorijda oʻqib, tajriba orttirgan malakali mutaxassislar ishga jalb etildi. Endi qashqadaryolik tugʻma yurak nuqsoni bor bolajonlarning yaqinlari xorij yoki poytaxt klinikalariga qatnab ovora boʻlishmaydi. Yuqori texnologiyali murakkab jarrohlik amaliyotlari vohaning oʻzida bajarilmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filialida joriy yilning oʻtgan 5 oyida 200 dan ortiq yuqori texnologiyali operatsiyalar bajarildi. Jumladan, mart oyida bu yerda tibbiyotda “Fil odam” sindromi deb nomlangan kasallik boʻyicha noyob amaliyot bajarildi. Ilmiy tilda neyrofibromatoz (Reklingxauzen sindromi) deb ataladigan bu xastalik boʻyicha bemordan 5 kilogrammlik oʻsma muvaffaqiyatli tarzda olib tashlandi.
Matbuot anjumanida davlat tibbiyot sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan qilinayotgan ishlar haqida ham aytib oʻtildi. Xususan, davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan 2023-yilning oʻtgan davrida viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filiali, Respublika kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filiali, Kitob tumanidagi “Doktor Boboyev” xususiy klinikasida 800 dan ortiq jarrohlik amaliyoti bajarildi.
Keyingi paytda viloyatda zamonaviy telemeditsina imkoniyatlaridan samarali foydalanib kelinmoqda. Bu orqali tumanlarda davolanayotgan bemorlar uchun poytaxt hamda viloyatning malakali mutaxassislari tomonidan onlayn tarzda tibbiy konsilium va maslahatlar tashkil etilmoqda.
Quvonarlisi, keyingi oylarda shu paytgacha faqat poytaxtda bajarilgan yuqori texnologiyali operatsiyalar voha tumanlarining oʻzida bajarilmoqda. Joriy yilning birinchi choragida bu boradagi koʻrsatkichlar keskin oshdi.
Xususan, birgina joriy yilning oʻtgan davri mobaynida birgina Yakkabogʻda 10dan, Kitob tumanida esa 80dan ortiq yuqori texnologiyali operatsiyalar bajarildi. Koʻkdalada ilk bor “Eversion KEAE”, Kosonda yirik boʻgʻimlar artroskopik operatsiyasi, Yakkabogʻda esa endoprotezlash amaliyoti muvaffaqiyatli tashkil etilayotgani aytib oʻtildi.
Matbuot anjumani davomida jurnalistlar sohaga doir oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.