“Telegram” messenjeridagi kanalda “Qashqadaryo viloyati tugʻruqxonasi”da jarrohlik amaliyoti vaqtida homilador ayol vafot etgani, shundan soʻng uning yaqinlari norozi boʻlib, janjal qilishgani haqida xabar eʼlon qilingan. Aniqlanishicha, yuqoridagi holat viloyat perinatal markazida joriy yilning 12-avgust kuni roʻy bergan.
Marhuma T.O. 2004-yilda tugʻilgan. Qarshi tumanida yashagan. Homiladorlik davrida yashash hududidagi oilaviy shifokorlik punktida “Homiladorlik 1. Egizak homila.” tashxisi bilan nazoratga olingan. Zarur boʻlgan barcha klinik va laborator tekshiruvlardan oʻtkazilgan. Doimiy ravishda akusher-ginekolog va oilaviy shifokor nazoratida kuzatilib, uyda patronaj oʻtkazib borilgan.
T.O. homiladorlik davomida “Homilaning tushish xavfi” boʻyicha viloyat perinatal markazida 2-marta statsionar sharoitda yotib, (oxirgi marta iyun oyida) davolanib chiqqan. Shifokorlar xulosasiga koʻra unda homiladorlik va tugʻishga qarshi koʻrsatma boʻlmagan.
Viloyat perinatal markazi homiladorlar patologiyasi boʻlimiga 2023-yil 31-iyul kuni soat 22:35 da “Homiladorlik 1. 35 hafta. Egizak homila. Erta tugʻish xavfi” tashxisi bilan yotqizilgan. 4-avgustda birinchi chaqalogʻini oʻzi tabiiy tuqqan. Chaqaloq tirik, jinsi oʻgʻil, vazni 2000 gramm. Ikkinchi chaqaloq homila ona qornida koʻndalang joylashib, tugʻruq yoʻllari yopilib qolganligi sababli kesar kesish operatsiyasi yoʻli bilan olingan. Chaqaloq tirik, jinsi oʻgʻil, vazni 2800 gramm.
Operatsiyadan keyingi davrda standartlar asosida davolash tadbirlari oʻtkazilgan. 11-avgust kuni sanaviatsiya xizmati orqali xirurg shifokor chaqirtirilib, vrachlar konsiliumi oʻtkazilgan va “Kesar kesish operatsiyasidan keyingi 7-sutka. Metroendometrit. Peritonit. Kamqonlik oʻrta ogʻir darajasi” tashxisi qoʻyilgan. Chaqirtirilgan xirurg shifokor yordamida soat 12:00da qayta operatsiya-relaparotomiya qilingan. Qayta operatsiyada-total gisterektomiya, qorin boʻshligʻi sanatsiyasi va naylash oʻtkazilgan.
Viloyat perinatal markazida jadal davolash tadbirlari oʻtkazilib borilgan, lekin 12-avgust kuni soat 19:00da ayolning ahvoli toʻsatdan ogʻirlashgan, oʻtkazilgan reanimatsion davo tadbirlariga qaramasdan 2023-yil 12-avgust kuni 19:30 da biologik oʻlim sodir boʻlgan. Oʻlimdan keyingi tashxis: “Relaparotomiyadan keyingi holat. Endotoksikoz. Oʻpka arteriyasi tromboemboliyasi. Kamqonlik oʻrta ogʻir darajasi. Oʻtkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligining ogʻir darajasi”.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi munosabatda.