Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi Yashnobod mahallasi hududiga O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq tushib kelganligi to‘g‘risida xabar qilingan edi. Tabiat resurslari vazirligi matbuot kotibi ma’lum qilishicha, hozirda ushbu ayiq tumanning Yashnabod MFY Beshchashma hududidan oqib o‘tuvchi Qumdaryo daryosiga yaqin hududdagi jarlikda hosil bo‘lgan g‘or ichiga kirib olgan.
Ushbu hudud Tabiat resurslari vazirligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va tuman hokimligi mutasaddilari, tuman ichki ishlar, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari xodimlari tomonidan muhofazaga olinib, aholi va qo‘ng‘ir ayiqning xavfsizligi ta’minlanmoqda.
Mazkur hududga vaziyatni bartaraf etish maqsadida Toshkent hayvonot bog‘i mutaxassislaridan iborat guruh jalb qilingan. Ayiq bilan bog‘liq vaziyatda hech kimga zarar yetmagan.
Holat bo‘yicha Tabiat resurslari vazirligining rasmiy sahifalarida qo‘shimcha ma’lumot beriladi, deyiladi xabarda.