Yaqinda ushbu tibbiy uskuna yordamida ilk jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.

— Markazimizga keltirilayotgan bu kabi zamonaviy tibbiy uskunalar aholiga qulaylik, shifokorlarimizga esa oʻz mahoratlarini namoyon etishi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda, — deydi markaz bosh shifokori Toʻlqin RASULOV. — Kelajakda shifo maskanimizda boshqa murakkab jarrohlik amaliyotlarini ham yoʻlga qoʻyishni rejalashtirganmiz.

Eslatib oʻtamiz, joriy yil markazning umumiy xirurgiya, urologiya, proktologiya, qon-tomir xirurgiyasi, yiringli xirurgiya, travmatologiya boʻlimlariga operatsion stollar, operatsion lampalar va koagulyator, shuningdek, fizioterapiya boʻlimi uchun fizioterapevtik apparatlar xarid qilindi.

Urologiya, neyroxirurgiya, pulmonologiya, allergologiya, nefrologiya, gastroenterologiya va gematologiya boʻlimlarida kapital taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, ushbu boʻlimlarning mintaqaviy filiallari tashkil etildi. 

Shu bilan birga, 18 oʻrinli reabilitatsiya boʻlimi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Niderlandiyada ishlab chiqarilgan 1 million yevro qiymatiga teng zamonaviy MRT uskunasi olib kelib oʻrnatildi.

Buning natijasida muassasada aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati yanada yaxshilandi.

Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati