Xabaringiz bor, 2021-yilga qoldirilgan Olimpiya oʻyinlari Yaponiyada oʻtkaziladi. Undan keyingi 2024-yilgi oʻyinlar Fransiyada, 2028-yilgisi esa Los-Anjelesda tashkil etilishi belgilangan.

Aytish joizki, 2032-yilgi Olimpiya oʻyinlarini oʻtkazish istagini Brisben (Avstraliya), Jakarta(Indoneziya), Mumbay (Hindiston) shaharlari ham bildirishgan boʻlib, aynan ushbu nomzodlar qatarliklarga asosiy raqib boʻlishi kutilmoqda.

Shuningdek, Yevropa qitʼasining Germaniya va Ispaniya davlatlari ham Olimpiya-2032 borasida fikr bildirishgandi. Ammo, koronavirus oqibatida hozircha bu mamlakatlarda ushbu masala kun tartibida emas.

Bundan tashqari, Janubiy va Shimoliy Koreya hamkorligida Olimpiya-2032ni qabul qilish gʻoyasi ikki mamlakat axborot vositalarida koʻtarilgandi. Biroq, Shimoliy Koreyaning xalqaro WADAtashkiloti tomonidan koʻrsatilgan doping nazorati boʻyicha vazifalarning bajarilmasligi “hamkorlikdagi Olimpiya” harakatining amalga oshishiga toʻsqinlik qilmoqda.

Nima boʻlganda ham futbol boʻyicha 2022-yilgi jahon chempionatiga mezbonlikka hozirlik koʻrayotgan Qatarning Olimpiya oʻyinlarini oʻtkazish daʼvosi bilan chiqishi keng sport jamoatchiligi tomonidan katta voqelik sifatida qarshilandi.

Qatar milliy olimpiya qoʻmitasi rahbari Hamad al-Tanining bildirishicha, mamlakatda yillar mobaynida turli sport turlari boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatlari, Osiyo oʻyinlari, rang-barang xalqaro tadbirlar Qatarni Olimpiya oʻyinlarini qabul qilishga haqli davlat darajasiga olib chiqdi.

Xalqaro olimpiya qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, 2032-yilgi olimpiya oʻyinlarini oʻtkazadigan mamlakatni aniqlash uchun nomzodlarning saralash tadbiri kelasi yilga belgilangan. Lekin pandemiyaning keng yoyilishi, Tokio olimpiadasi bilan bogʻliq qator muammolar sababli 2032-yilning daʼvogarlar oʻrtasidagi bahs keyingi davrga surilishi ham mumkin.

Toʻlqin ROʻZIYEV.