Oʻzbek va tojik xalqlarining azal birodarligi, quda-andayu qarindoshligi, ezgu maqsadlari mushtarakligi ona tabiatdan ulgu olgandek goʻyo! Ulugʻ Hisor togʻlari bagʻrida erigan qorlar Pomir togʻlarining kiftidan jimirlab yoʻlga tushgan oydin buloqlarga qoʻshilib Amudaryo degan azim daryoni bunyod etishi bejiz emas. Zero, oʻzbek bilan tojik ikki tilda soʻzlashadigan bitta millatdir. Dini, qadriyatlari, eng kichik udumlaridan toʻyu marosimlarigacha bir-biriga uygʻun boʻlgan bu xalqlar Markaziy Osiyoning eng soʻlim manzillarida azaldan ahil inoq boʻlib umrguzaronlik qilib kelishgan.
Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi tantanalari doirasida turli adabiy kechalar, tadbirlar va mushoiralar boʻlib oʻtmoqda. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida ikki tilda – oʻzbek va tojik tillarida oʻtkazilgan “Abdulla Oripov – oʻzbek va tojik xalqlari doʻstligi kuychisi” deb nomlangan sheʼriyat kechasi ham xalqimizning sevimli shoiri xotirasiga bagʻishlandi.
Unda shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar, sheʼriyat ixlosmandlari, jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar ishtirok etdi.
– Bu ikki xalq ikki tilda soʻzlashadigan bitta millatdir, degan naql bejiz paydo boʻlmagan, – deydi Tojikiston xalq shoiri, Tojikiston yozuvchilar uyushmasi raisi Nizom Qosim. – Ikki xalq birodarligi buyuk shoirlar – ustoz va shogird Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy doʻstligi bilan yanada mustahkamlangan. Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov Tojikistonda juda koʻp marta boʻlgan, ustoz shoirning “Oʻzbegim tojik bilan” nomli sheʼrini biz yoshlar yoddan oʻqib yurar edik:
– Doʻstu qardoshdir azaldan
Oʻzbegim tojik bilan,
Ikkisi bir bayt gʻazaldan
Oʻzbegim tojik bilan.
Qay yoʻsin aylay qiyos men
Bul shirin doʻstlik soʻzin,
Totlidir boldan, asaldan,
Oʻzbegim tojik bilan.
Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Yozuvchildar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi Rustam Qurbonov, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi rahbari Qobiljon Sobirov, Oʻzbekiston – Tojikiston” doʻstlik jamiyati raisi Shavkat Hamroyev va boshqalar Abdulla Oripov adabiy merosining ahamiyati, uning ijodida ezgulik, vatanparvarlik, millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik mavzulari yetakchilik qilganini, sheʼrlarida umuminsoniy gʻoyalar ulugʻlanganini alohida taʼkidlab oʻtishdi.
Darhaqiqat, Abdulla Oripov ijodi nafaqat milliy adabiyotimizning, balki jahon adabiyotining ham boyligi sanaladi. Uning asarlari bir necha oʻnlab nomlarda kitob holida oʻzbek va rus tillarida nashr etilgan. Sheʼrlari belorus, gruzin, latish, moldovan, nemis, yapon, xitoy, ozarbayjon, tatar, tojik, turkman, ukrain, eston, qozoq, turk tillariga oʻgirilgan. Shoir Jahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan oltin medal bilan taqdirlangan.
Kecha oʻzbek va tojik tillarida oʻqilgan sheʼrlardan iborat mushoiraga aylanib ketdi. Unda oʻzbek shoirlari Salim Ashur, Rustam Musurmon, Bobur Bobomurod, Sirojiddin Rauf, Davron Rajab, Aziz Said, Nargiza Asadovalar qatorida oʻzbek va tojik tillarida baravar ijod qiluvchi oʻzbekistonlik shoirlar Paymon, Jaʼfar Muhammad, Xisrav Saʼdullo, Muhammad Shodiylar ham ishtirok etishdi.
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri