Avvalgi maqolamizda Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston hamda Shimoliy Kiprda faoliyat yuritayotgan OAV vakillari uchun Qahramonmarash, Adiyaman, Malatya viloyatlariga press tur tashkil etilgani haqida yozgan, zilziladan so‘ng o‘tgan bir yil davomida Qahramonmarash viloyatida qilingan ijobiy o‘zgarishlar haqida ma’lumot bergan edik.
Navbatdagi manzilimiz – Adiyaman.
Hasan amakining omonati: O‘zbekistonga salomlarim bor...
Adiyaman Turkiyaning janubi-sharqida, Oq dengiz sohilida qad rostlagan viloyat. Hudud boy tarixi va madaniyati, hayratomuz manzaralari bilan tanilgan. 2150 metrli Nemrut tog‘i qadimiy ulkan tosh haykallari bilan dong taratgan. Bundan tashqari, Otaturk to‘g‘oni ham mashhur. Birechik arxeologik muzeyi esa sayyohlarni hamisha o‘ziga jalb etib kelgan. Adiyaman qal’asi o‘rta asrlardan hikoyalar so‘zlaydi.
Sayyohlar e’tiboridagi mazkur hudud ham zilzila ofatlarini boshdan kechirdi. Viloyat hokimligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etilishicha, Adiyaman zilzila zonasidagi barcha shaharlar orasida sug‘urtalanganlar soni bo‘yicha yo‘qotishlarni eng tez bartaraf etayotgan hudud. Bu yerda 2798 xonadon egalariga topshirilibdi.
Oqpinar qishlog‘i. Adiyaman markazidan 37 kilometr uzoqlikda, keng dalalar qo‘ynida joylashgan bu qishloqda yangi turar joylar barpo etilibdi. Har biri 125 kvadrat metrli xonadonlarga oilalar bosqichma-bosqich ko‘chib keladi.
– Mamlakatimizda boshpanasiz qolgan yurtdoshlarimizning har biri taqdiri biz uchun muhim, – deydi viloyat hokimi Oman Varol. – Zilziladan jabr ko‘rgan oilalarga uylar topshirilishi boshlandi. Dastlab ularning oilaviy sharoiti o‘rganildi, eng ko‘p jarb ko‘rganlar ro‘yxati tuzilib, shunga ko‘ra, qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlab olindi. Shunday oilalarimiz bor, ularning uyi ikki yoki uchta. Deylik, zilzila tufayli ulardan biri buzilib, biri omon qoldi. Bunday oilalarga hozircha vaziyat tushintirilib, birinchi navbatda, uysiz fuqarolarga e’tibor berilyapti. Yana bir muhim jihat. Hovlisi buzilgan, biroq o‘zi uy tiklab olishni istagan yurtdoshlarimiz ham yo‘q emas. Ularga ikki yillik imtiyozli davr bilan 18 yilga foizsiz kredit ajratiladi. Bunda uy ko‘tarilishi mo‘ljallangan joy mustahkamligi o‘rganiladi.
Yangi uy sohiblaridan biri Hasan amakini suhbatga tortdik.
– Zilzila bo‘lgan kechani yaxshi xotirlayman, – deydi Hasan Gench. – Uy shiddat bilan silkinayotganidan uyg‘onib ketdim. Xonimim (turmush o‘rtog‘im) allaqachon shahardan mehmonga kelgan nevaramning xonasiga kirib ketgan edi. Men ham farzandimning bizga omonatini saqlab qolish uchun o‘sha xona tomon yugurdim. Biroq zilzila kuchliligidan yura olmadim. Kompyuter stoli turardi, uning tagiga kirdim. Biroq vaziyat muvozanat saqlab turishli emasdi. Birdan og‘iz-burnim changga to‘ldi. Tushundimki, uyimiz yiqildi. Birozdan so‘ng o‘zimni tashqarida ko‘rdim, meni qutqarishgandi. O‘tarkanman, tuproqlar tagida qolgan bir juft oyoqni ko‘rdim. Ko‘zlarimga yosh to‘ldi. O‘sha lahzada bu oyoqlarning nega teskari turgani xayolimdan o‘tdi. Bilsak, xonimim nevaramizni qutqarib qolish uchun uni devordan pana qilgan ekan. Afsuski, ularning ikkisi ham tuproq ostida qolib halok bo‘ldi.
Hasan amaki O‘zbekistondan kelganimizni bilgach, Samarqandu Buxoro haqida o‘qiganini, bu qadim shaharlarni ziyorat qilish orzusi ekanini bildirdi. Ota yurtga ko‘pdan ko‘p salomlar yubordi. Gap orasida Orol dengizining qurib borayotganidan xavotirini ham yashirmadi.
Yana bir suhbatdoshimiz – Shabnam. U litsey bitiruvchisi.
– Zilzilaga qadar 11 qavatli uyda yashaganmiz. Yer qimirlagandagi qo‘rquv hanuz ko‘z oldimda. Yaqinlarimni, do‘stlarimni yo‘qotdim. Biroq vaqt o‘tyapti. Yashashga majburmiz. Yangi xonadonlardan biri, shukrki, qur’a tashlash jarayonida bizga nasib etdi. Dadam bilan shu uyni ko‘rishga keldik. Xonalar yorug‘, zamonaviy. To‘g‘risi, zilziladan so‘ng yurak hovuchlab qolgandik. Uylarning kamqavat ekani biroz bo‘lsin, xavotirimizni bosyapti, – deydi u.
Hali Turkiyada ekanmiz, Adiyamandaligimni bilgan dugonam quyidagicha xabar yubordi: “Shaharda bir talabam halok bo‘ldi. Zilzilada. Ismi Idris edi. Adiyamanga ketganingizni o‘qib, dardim yangilandi, yuragim zirilladi”. Idris Xitoy Markaziy millatlar universitetida tahsil olgan ekan. Dugonamga hamdardlik bildirdim. Bir shaharning nomi bir inson qalbida qanchadan-qancha xotiralarni uyg‘otishi mumkin...
Viloyat hokimi Osman Varolning ta’kidlashicha, hududda zilzila vaqtida yarim qulagan, biroq shu vaqtgacha yiqitilmagan binolar bor. Ularning hozirgacha bu holatda turishining asosiy sababi davom etayotgan tergov ishlari bilan bog‘liq. Sud qaroridan so‘ng mazkur binolarning ham taqdiri aniq bo‘ladi. Zilzila adiyamanlik 8500 ga yaqin kishini hayotdan olib ketdi. 17 mingga yaqin odam jarohatlandi.
Konteyner maktablarda Beruniy va Xorazmiy bobolarimiz izdoshlarini uchratdik
Adiyaman viloyatida ham ruhiy jihatdan og‘ir ahvolga tushib qolgan aholi uchun konteynerlarda tibbiy va psixologik maskanlar, bolalar uchun sport va o‘yin maydonchalari, ayollarni kasbga yo‘naltirishni ko‘zda tutuvchi markazlar, kutubxonalar, do‘konlar, tibbiyot punkti ishlab turibdi. Bog‘cha va umumta’lim maktablari bolalar bilan gavjum.
Viloyatdagi vaqtinchalik yashash markazida 1500 ta konteyner joylashgan. Ularda 3500 ga yaqin qardoshimiz hayot kechirmoqda.
– Zilzila xalqimizga katta ruhiy zarba berdi. Biz buni sport bilan shug‘ullanib, yengishga harakat qilyapmiz. Ayni paytda xotin-qizlarning soni 70 dan ortib ketdi. Erkaklar ancha ko‘p. Mashg‘ulot qatnashchilarining yoshi farqli, shuning uchun ularni guruhlashtirganmiz. Ahamiyatlisi, zilzila payti qo‘li, oyog‘i yoki tanasining boshqa a’zosi zararlangan yurtdoshlarimiz bor. Bular uchun ham maxsus mashg‘ulotlar o‘tiladi. Sog‘lig‘ini tiklash uchun mutaxassis-trener jalb etilgan, – deydi sport murabbiyi.
Umumta’lim maktabi o‘quvchilari uchun ochilgan texnologik bilimlar markazi o‘quvchilar bilan gavjum. Bu yerda astronomiya, matematika, fizika kabi aniq va tabiiy fanlar o‘qitiladi. Amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Beshta maxsus xona mavjud bo‘lib, ularning har biri farqli. Bolalar o‘zi qiziqqan yo‘nalish bo‘yicha mashg‘ulotlarda ishtirok etadi.
– Bu xonada kelajakka o‘z imzosini qo‘ya oladigan buyuk kashfiyotchilar o‘tirganiga shubhamiz yo‘q, – deydi Adiyaman viloyati hokimi o‘rinbosari Mehmet Tig‘li.
Markaz rahbari Muhammad Furqonning ta’kidicha, markaz kichkina joyda faoliyat yuritayotganiga qaramay, katta tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Quvonarlisi, xalq uyidan ayrilgan bo‘lsa-da, hayotdan uzilib qolgani yo‘q. Bahorda Adana shahrida texnofestival o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Markaz zalida dunyoga mashhur olimlar haqida ma’lumot berilgan bo‘lib, u yerda Beruniy va Xorazmiy bobolarimiz ma’naviy merosi haqida ham ma’lumotlar joy olgan. Demak, bu yerda buyuk ajdodlarimiz izdoshlari kamolga yetyapti.
Ofat tufayli bu yerdan ko‘chib ketganlar hademay qaytadi
Malatya 6 ming yildan ortiq tarixga ega turizm shahri. Dunyoga o‘rik bog‘lari bilan mashhur. Mamlakatda o‘rik yetishtirishning qariyb 50 foizi shu hudud bilan bog‘liq, 95 foiz o‘rik turshagi ham ayni shu hududda tayyorlanadi. Ma’lumotga ko‘ra, nafaqat Turkiya, balki dunyodagi o‘rik qoqilarining 65-80 foizi Malatya bog‘larida yetishtirilib, quritiladi va tayyor mahsulot xorijga eksport qilinadi. Hududda 1978 yildan buyon har yili iyul oyida an’anaviy o‘rik festivali o‘tkaziladi.
Shunday qilib, safarimizning navbatdagi manzili Malatya viloyati bo‘ldi. Dastlab xalq kutubxonasida viloyat hokimi Ersin Yazichi ishtirokida jurnalistlar bilan muloqot tashkil etildi. Hokim qardosh xalqlar matbuot xodimlari bilan muloqot qilayotganidan mamnunligini bildirdi. Uning aytishicha, boshqa hududlarga qaraganda Malatyada yo‘qotishlar nisbatan kamroq bo‘ldi. Chunki aholi ikkinchi to‘lqindan ogohlantirilgan. To‘g‘ri, binolar zarar ko‘rgan, biroq gap tiriklik haqida ketar ekan, moddiyatning ahamiyati shu yerda yo‘qoladi.
Ta’kidlanishicha, shifoxona va klinikalar zarar ko‘rmagan, ular muntazam ishlab turibdi. Zilziladan aziyat chekkan fuqarolarga har oy nafaqa ajratilmoqda. Hokim Malatyada hayot qaynayotganini, ko‘p o‘tmay bu yerni tark etib ketganlar yana ona tuproqqa qaytishiga umid bildirdi.
Battolg‘ozi tumanidagi Gelinjiktepa mahallasida qurilgan ko‘p qavatli uylar malatyaliklarga foydalanishga topshirilmoqda. 35 uyda 726 ta xonadon joylashgan. Aniq va puxta reja asosida qad rostlagan mazkur uylar kirib yashashga tayyor qilib ta’mirlangan.
– O‘tgan yili zilziladan so‘ng chuqur ruhiy bosim ostida edim. Bu og‘ir vaziyat universitet imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishimga yo‘l bermadi, – deydi Oysha Og‘zikuchuk. – 18 yoshdaman. Universitet imtihonlariga tayyorgarlik ko‘ryapman. Zilziladan so‘ng og‘ir kunlarni yashadik. Bizning mahallamizda vayronagarchiliklar ko‘p bo‘lmadi, shukr. Biroq uylarimizga qaytishga qo‘rqdik, ukalarim kichkina edi. Hovliga keldik. Nonushta qilayotganimizda, birdan ikkinchi zilzila sodir bo‘ldi. Birinchisini shiddatli bo‘ldi deyaptilar, men uchun ikkinchisi kuchli va qo‘rqinchli edi. Tuproq ostida qolganlar haqida o‘ylagim, eslagim kelmaydi. Qolganlarning joni sog‘ bo‘lsin. Hademay uylarimizga qaytamiz. Buni o‘ylasam, quvonaman.
Erta ulg‘aygan bolalik
Qanday falokat yoki ofat sodir bo‘lmasin, hatto yengil musibat ham bolalarning hayotida chuqur iz qoldiradi. Ularning nozik ruhiyatiga soya soladi. Shu kabi zilzilalar ham turkiyalik bolalarni erta ulg‘aytirdi. Ularning qay biri bilan suhbatlashmang, ko‘pni ko‘rgan odamdek fikrlaydi. Ehtimol, musibat ko‘rgan boshlar shunday bo‘lar?!
– Zilzila bo‘lgan kunni yaxshi xotirlayman. Afshin tumanida yashar edik. Tunda zilzila bo‘ldi. Sahar Go‘ksunga – qarindoshlarimiznikiga yo‘l oldik. Biroq u yerda kunduzi yana zilzila bo‘ldi. Do‘stlarim va sevimli ustozlarimning bir qanchasidan ayrildim. Eng yaqin dugonam Emine ham zilzila ostida qolib halok bo‘ldi. Uni unutolmay qiynalaman, – deydi 10 yoshli Zaynab.
Darvoqe, men Zaynab va uning dugonasi Muzayyanni konteyner kutubxonada uchratdim. Qizaloqlar darsdan so‘ng har kuni bu yerga kelarkan. Ularning aytishicha, kutubxonada dars qilishga sharoit bor. Kitoblar yetarli, mavzuga tushunmasa, kutubxonachi opalari va uning yordamchisi ko‘makka shay. Uyda kichkina bolalar ko‘p bo‘lgani uchun shu yerga kelib dars qilish tinchroq.
Zaynabning hikoyasini Muzayyan davom ettiradi:
– O‘sha tong uyimiz xuddi halinchak kabi sollanardi. Juda qo‘rqib ketdim. Ukam chaqaloq edi. Bunday vaziyatda qochishning imkoni yo‘q edi. Kun juda sovuq, qaltirar edik. Biz mashinada jon saqladik. Buvimlarnikiga ketdik. Ularning ham uyi buzilgan, biroq omon qolishgan. Tongga qadar mashinada o‘tirdik. So‘ng dadam taxtalardan chodir tikladi. So‘ri qurib, o‘sha yerda kun o‘tkazdik. Butun oilamiz kichkina chodirda edi. Bir necha qarindoshimiz o‘ldi, biz chodirda yasharkan, ota-onam jasadi topilmayotgan yaqinlarimizga juda qayg‘urardi. Ular meni bola deb o‘ylab, past ovozda so‘zlashsa-da, bu voqealarning barchasini tushunib turardim. Hatto sovuq jonimdan o‘tib ketsa-da, miq etmasdim, chunki tirik qolganimizning o‘zi yetarli edi. So‘ng bu konteyner uylarga ko‘chdik.
Beraat 9 yoshda. Bolakay 4-sinfda o‘qiydi. Rasm chizishga qiziqadi. “Zilzila bizni ulg‘aytirib qo‘ydi. Avval kattalar bizga boladay muomala qilgan bo‘lsa, endi xuddi o‘z tengdoshlaridek gaplashadi biz bilan”, deydi u. Darvoqe, Beraat u bilan suratga tushishimni so‘radi. U bilan suhbatimiz cho‘zilgandan cho‘zildi. Yorug‘ kelajagidan, orzularidan, oldiga qo‘ygan maqsadlaridan so‘z ochdi. Bir bola so‘zidagi samimiyat, ko‘zidagi kelajakka bo‘lgan ishonchdan quvondim, rosti.
Bu bolalardan tashqari, Ejrin va Esir ismli qizlar bilan tanishdik. Qizlarning biri Adiyaman viloyatining Dilek qishlog‘idan kelgan, biri shu yerlik – malatyalik. Ular raqs to‘garagida xalq o‘yinlarini o‘rganayotgan ekan. Qizlar bilan bir safda bolalar ham bor edi. Bolalarni bu yerga bir ofat – zilzila olib kelgan bo‘lsa, odamiylik va birdamlik tuyg‘usi ularni bir-biriga do‘st, og‘a-ini, opa-singil qilgan. Bu tuyg‘u esa har qanday qiyinchilikni yengib o‘tishga qodir.
Bashorat YUNUSOVA
Toshkent-Qahramonmarash-Adiyaman-Malatya-Toshkent
Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 40 sonida (2024-yil 24-fevral) chop etilgan.