Qaysi hududlarga sanoat jadal kirib kelayotgani ma'lum qilindi

    Hukumat 10 Yanvar 2023 1999

    Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida sanoatda ishlab chiqarish hajmining o'sish sur'atlarini ta'minlash, mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig'ilishi bo'lib o'tmoqda.

    Yig'ilishda sanoatda qo'shimcha zaxiralarni aniqlash va investitsiyalarni ko'paytirish bo'yicha 2023 yil uchun rejalar muhokama qilinmoqda.

    So'nggi yillarda:

    - qo'shimcha 19 ta erkin iqtisodiy zona va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etilib, ularning infratuzilmasiga 10 trillion so'm yo'naltirildi;

    - to'qimachilik, kimyo, qurilish materiallari, charm, farmatsevtika, elektrotexnika kabi sohalarni “drayver”ga aylantirish uchun 3 milliard dollarlik moliyaviy resurslar ajratildi;

    - sanoatni zarur xomashyo bilan ta'minlash maqsadida geologiya-qidiruv ishlari 3 barobarga ko'paytirilib, 600 tadan ziyod yangi kon aniqlandi.

    Natijada, oxirgi besh yilda sanoat korxonalari soni 2 barobar ko'payib, 100 mingtaga etdi, ishlab chiqarish hajmi 1,4 baravarga ko'paydi.

    Yig'ilishda hududlarga sanoat jadal kirib kelayotgani ta'kidlandi. Masalan, Jizzaxda ilgari bo'lmagan qurilish materiallari, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi yangi tarmoqlar paydo bo'ldi.

    Yoki, Samarqand, Sirdaryo, Namangan va boshqa hududlarda metallni qayta ishlash bo'yicha 19 ta yirik loyihalar amalga oshirildi. Namanganda yangi tashkil etilgan 54 ta kichik sanoat zonalari 2022 yilda 3 trillion so'mlik mahsulot ishlab chiqardi. Kimyo sanoatida oxirgi uch yilda ishlab chiqarish hajmi 1,5 baravarga, eksport esa 2 baravarga oshdi.

    Shunga qaramasdan, hudud va tarmoqlarning ishlatilmagan imkoniyat va salohiyati hali kattaligi ko'rsatib o'tildi.

    Misol uchun, Xorazm hududiy sanoat hajmini 8,7 trillion so'm reja qilgan bo'lsa-da, mahalliylashtirishni kengaytirish hisobiga buni 10 trillion so'mga etkazish bo'yicha qo'shimcha imkoniyatlar mavjud. Yoki, Farg'onada past quvvatda ishlayotgan 22 ta korxonani aylanma mablag'lar bilan ta'minlab, qo'shimcha 1,1 trillion so'mlik mahsulot ishlab chiqarish imkoni bor.

    Shu kabi, Qashqadaryoda 8 ta yirik loyihaga infratuzilma masalasi tezroq hal qilib berilsa, 800 milliard so'mlik qo'shimcha zaxira yaratiladi. Namanganda to'liq quvvatda ishlayotgan va qo'shimcha bozori bor 51 ta korxonani kengaytirib, qo'shimcha 290 milliard so'mlik mahsulot ishlab chiqarish mumkin.

    Yoki, 2023 yilda 100 ta mikro-GeS qurish bo'yicha loyihalar boshlanadi. Bu loyihalar uchun 10 million dollarlik uskuna zarur bo'lib, ularni mahalliy korxonalarda bemalol ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.