Qimorga ruju qoʻygan oʻqituvchi hamkasbining bank kartasidagi pulni ham oʻyinga tikib yubordi

    Jinoyatchi jabrlanuvchi bilan bir maktabda ishlagan va uning bank kartasi maʼlumotlari va sms-xabarnomasini qingʻir yoʻl bilan qoʻlga kiritgan.

    Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumanida istiqomat qiluvchi 1978-y.t., maktabda boshlangʻich sinf oʻqituvchisi, fuqaro A.V., IIBga ariza bilan murojaat qilib, oʻzining bank kartasidan jami 1.545.000 soʻm pul nomaʼlum shaxs tomonidan yechib olinganligini maʼlum qilib, jinoyatchiga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

    Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumanida yashovchi 1988-y.t. R.A., sodir etganligi aniqlangan.

    R.A. jabrlanuvchi bilan bir maktabda ishlab turib uning bank kartasi maʼlumotlari va sms-xabarnomasini qoʻlga kiritish orqali toʻlov tizimlaridan foydalanib barcha pullarni “1xBet” onlayn qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinga yutqazib qoʻyganligi maʼlum boʻldi.

    R.A.ga nisbatan OʻzR. JKning 169-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilgan.