Oʻz umrini oʻzining yaxshi xislatlari bilan eng avvalo oʻziga, yaqinlariga hamda atrofdagilarga sarflashga yaramaydigan, qilmishidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan, xato ustiga xato, jinoyat ustiga jinoyat sodir qilgan shaxsning holiga voy. Insoniylikni, oʻzlikni unutgan, jinoyat botqogʻiga botgan kishilarga qachon, qayerda va qanday sodir etganidan qatʼi nazar, jinoyati uchun jazo muqarrar.
Qingʻir yoʻl bilan boylik orttirish istagi odam bolasini hamisha halokatga yetaklagan. Hayotda shunday insonlar bor: bitta nasihat bilan qilgan ishining notoʻgʻri ekanligini anglab yetadi. Qayta egri yoʻldan yurmaydi. Yana shundaylar borki, ularga “sen yaxshi ish qilmayapsan, bu yoʻlning oxiri voy” deya nasihat qilishingiz befoyda. Oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas, deganlaridek, bunday kimsalar yomon odatlarini kanda qilishmaydi. Yana bir toifa kishilar borki, ularni ozodlikdan mahrum etish har doim ham yaxshi natija beravermaydi. U yoqdan qaytanga “yetuk mutaxassis” boʻlib chiqdi. Oʻgʻri boʻlsa yana oʻgʻrilikka qoʻl uradi, talonchi esa odamlarni tunaydi, firibgari esa odamlarni chuv tushirishning yangi yoʻllarini ishga soladi.
Toshkent shahrida yashovchi 25 yoshli Aʼzam Nodirov (ism-shariflar oʻzgartirilgan) yuqorida qayd etilgan toifalarning qay biriga taalluqli ekani hozircha nomaʼlum. Har qalay, sud uning “qaytib bunday ishlar qilmayman” degan soʻzlariga ishondi, yana bir bor imkon berdi. Aybiga iqrorligi, qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligi, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar toʻliq qoplangani, jabrlanuvchilarning daʼvosi yoʻqligi, oilasining yagona boquvchisi ekanligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholab, yengilroq jazoga loyiq koʻrildi. Unga uch yildan oshiqroq muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
Xoʻsh, Aʼzam qanday qilmishi uchun bunday jazoga tortildi?
Gap shundaki, ikki kun ichida ichki ishlar organi navbatchilik qismiga bir tumanning bitta hududidan ikki fuqarodan talonchilik jinoyati yuzasidan murojaat kelib tushdi. Bir murojaatda qimmatbaho uyali telefon apparati tortib olingan, boshqa holatda esa talonchi ayolning tilla zanjirini yulib qochgan. Bu ikki holatning qanday oʻxshashligi, yaqinligi bor, deyishingiz mumkin. Buni qarangki, bu ikki huquqbuzarlikni ham bir kishi sodir etgan. Yana ham ajablanarlisi, ushbu talonchi telefonini oldirib qoʻygan shaxsning tanishi boʻlgan.
Birinchi voqea: kunduz kuni soat uchlarda koʻchada ketayotgan Aʼzam tanishi Vohidni uchratib qoldi. Salom-alikdan keyin u kimgadir qoʻngʻiroq qilib olishi uchun Vohidning uyali telefonini soʻradi. Oldindan uni bilgani uchun hech bir eʼtirozsiz telefonini berdi. Lekin Aʼzam kimgadir qoʻngʻiroq qilmadi, balki...
– Biroz pul kerak boʻlib qoldi, berib tur, – dedi Aʼzam kiprik qoqmay.
– Uzr, hozir pulim yoʻq edi. Boʻlganda bajonidil berardim.
– Shunaqami? Unda qachon pul topsang shunda telefoningni olasan. Pul topsang topding, boʻlmasa, u bilan xayrlashaver, sotib yuboraman.
– Unaqa qilmang, Aʼzam aka. Telefon menga kerak...
Lekin Aʼzam uni eshitmadi. Telefon apparatini oldiyu, ketdi.
Ikkinchi voqea: ertalabki soat sakkizlar atrofida “Xadra maydoni” oldida ishxonasi tomon ketayotgan Muhayyo Sharipova talonchi hujumiga uchradi. Osmondan tushgandek paydo boʻlgan notanish kimsa uning boʻynidan 2 million 400 ming soʻmlik tilla zanjirni yulib olib, sharpadek koʻzdan yoʻqoldi. Jabrlanuvchi na uning yuzini koʻroldi, na kiyimlarini. Dod-voy qilgancha baqirib qolaverdi.
Muhayyoning murojaatidan soʻng talonchini aniqlash, jinoyatni fosh etish yuzasidan tezkor chora-tadbirlar koʻrildi. Jinoyatni ochish esa koʻp vaqt olmadi. Koʻp oʻtmay huquqbuzar ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi. Tergov harakatlari olib borildi. Yetkazilgan zarar toʻlandi, huquqbuzar jabrlanuvchilardan kechirim soʻradi. Sud majlisida jinoyat ishi atroflicha koʻrilib, qonun sanksiyasida belgilangan jazo tayinlandi.
Har bir insonning bu olamda yashashdan maqsadi, orzu-niyatlari bor. Oʻz umrini oʻzining yaxshi xislatlari bilan eng avvalo oʻziga, yaqinlariga hamda atrofdagilarga sarflashga yaramaydigan, qilmishidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan, xato ustiga xato, jinoyat ustiga jinoyat sodir qilgan shaxsning holiga voy. Insoniylikni, oʻzlikni unutgan, jinoyat botqogʻiga botgan kishilarga qachon, qayerda va qanday sodir etganidan qatʼi nazar, jinoyati uchun jazo muqarrar.
Akrom Aripov
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining katta konsultanti