Qirgʻiziston Prezidentining rasmiy veb-saytida xabar berilishicha, uchrashuvda ikki tomonlama strategik hamkorlik, jumladan, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi oʻzaro aloqalarni yana-da rivojlantirish, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi integratsiyani chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilingan.

Prezident Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi barcha mustaqil davlatlar suverenitetiga hurmat bilan qarashini hamda Qirgʻiziston bilan ikki tomonlama ittifoqdoshlik va strategik hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga tayyor ekanini taʼkidlagan. Shuningdek, Qirgʻizistondagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirgan.

Prezident Sooronbay Jeenbekov Qirgʻiziston har doim Rossiyani ishonchli strategik sherik sifatida bilishini qayd etgan.

Qirgʻiz Prezidenti Vladimir Putinni Rossiya koronavirusga qarshi birinchi boʻlib vaksinani roʻyxatdan oʻtkazgani bilan yana bir bor tabriklab, tez fursatlarda undan dunyo xalqlari, jumladan, qirgʻizistonliklar ham foydalana boshlashiga ishonch bildirgan.

Shuningdek, Jeenbekov bir qator yoʻnalishlarda koʻrsatgan yordami uchun Rossiya tomoniga minnatdorlik bildirib, Qirgʻiziston Rossiya bilan bu kabi tarixiy doʻstlik aloqalarini gʻoyat qadrlashini aytgan.