Sanoat koʻchasida joylashgan “Winchemical” MCHJ oʻzbek-koreys qoʻshma korxonasida 30 dan ortiq turdagi issiqlik saqlovchi izolyatsion devor gulqogʻozlari va pol qoplamalari ishlab chiqariladi. Yillik 1,5 million p/m mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada 25 nafar mahalliy yoshlarning bandligi taʼminlangan. "Winchemical” mahsulotlari mahalliy bozor bilan birga Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston, Koreya va Rossiya davlatlariga eksport qilinmoqda.

Markaziy Osiyoda va MDH davlatlarida yagona PEX penapolietilendan gulqogʻozlari va izolyatsiya mahsulotlari ishlab chiqaruvchi bu korxona, Davlatimiz rahbarining 2017-yilda Koreya respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar natijasida “Fargʻonaazot” AJning 49 foiz sherikligida tashkil etilgan.

Viloyat hokimi, mutasaddilarga “Winchemical” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan va issiqlikni saqlashda 50 foiz qoʻshimcha samara beruvchi mahsulotlarni ijtimoiy obyektlar qurilishida keng qoʻllash boʻyicha mulohazalarini bildirdi.

Qirgulidagi sobiq trolleybus parki hududida esa mashina va tirkamalarga oʻrnatiladigan katta sigʻimli sisternalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Viloyat hokimi bilan muloqot chogʻida korxona rahbarlari hozirda korxonada 10 dan ortiq ishchi-xodim faoliyat olib borayotganini hamda Turkiyadan keltirayotgan yarim tayyor qismlardan montaj ishlari bajarilayotganini bildirib, yaqin davrda sisternalarni toʻlaligacha shu yerda tayyorlanishga oʻtilayotganini, qoʻshimcha 50-60 ish oʻrni shakllanishini maʼlum qilishdi.

Shirintoy markasi ostida bolalar oʻyinchoqlari ishlab chiqarayotgan korxonada esa, ishlab chiqarishni kengaytirish uchun qoʻshimcha yer maydoni talab etilayotgani maʼlum boʻldi. “Ishlab chiqarish maydoni kengaysa ,1000 tagacha qoʻshimcha ish oʻrni yarataman” degan tadbirkor murojaatini tezkor ravishda hal etishga viloyat hokimi tomonidan mutasaddilarga koʻrsatma berildi.