Qishloq emas, ertaknamo maskan

    Turizm 2 Dekabr 2021 1408

    Choʻponota tepaligi etagida joylashgan qishloq Samarqand qogʻozi, yogʻjuvoz, kulollik, duradgorlik va boshqa hunarmandlik anʼanalari davom etib kelayotgan hudud sanaladi.

    Yurtimiz taraqqiyotidagi strategik yoʻnalishlardan biri sifatida baholanayotgan turizm sohasi rivojida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani nafaqat davlat iqtisodiyotiga katta foyda keltirishi, balki qishloq joylarda aholining oʻzini oʻzi band qilishi, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratishi bilan ham ahamiyatli. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi hududlarning yanada obod boʻlishiga, aholi daromadlarining oʻsishiga xizmat qilmoqda.

    Oʻlkamizda goʻzal va soʻlim goʻshalar, asrlarni qaritgan nodir tarixiy yodgorliklari bilan sayyohlarni oʻziga jalb etib kelayotgan, tarixiy-madaniy resurslarga boy manzillar bisyor. Turizmga oid maxsus maqom berilishiga qaratilgan tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad mahallalarning azaldan saqlanib qolgan moddiy va maʼnaviy merosini saqlash hamda hududlarda turizm xizmatlarini rivojlantirish orqali xorijiy sayyohlarni keng jalb qilishdir.

    Albatta, bu boradagi ishlar iqtisodiy foyda keltirishi bilan ham ustuvorlikka ega. Masalan, “turizm qishlogʻi” maqomiga ega boʻlish uchun fuqarolar yigʻini hududida kamida yigirmata oilaviy mehmon uyi mavjud boʻlishi, sayyohlarga turar joy va ovqatlanish xizmatlaridan tashqari yana kamida besh turdagi sifatli turistik xizmat koʻrsatilishi shart. Shuningdek, mahalliy ishlab chiqariladigan esdalik sovgʻalar sotiladigan savdo shoxobchasi boʻlishi ham talab etiladi. Tabiiy iqlim sharoiti va holati yuqori darajada boʻlishi, qoʻshimcha koʻngilochar maskanlar, avtomobil yoʻllari, transport aloqasi kabi barcha infratuzilmalar mavjudligi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

    — Bunday maqomga ega boʻlgan fuqarolar yigʻini uchun bir qator imtiyozlar mavjud. Xususan, ular “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga birinchi navbatda kiritiladi, — deydi Turizm va sport vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Lola Zakirlayeva. — Sayyohlarga xizmat koʻrsatadigan aholi bepul oʻqitiladi. Mahalla hududidagi diqqatga sazovor manzillar ommaviy axborot vositalarida bepul targʻib qilinadi. Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, byudjetdan tashqari va boshqa mablagʻlar hisobidan mahalliy sayyohlik koʻrgazmalari hamda boshqa zarur materiallar tayyorlanadi. Yurtimizning har bir hududi turizm nuqtasiga aylansa, mamlakatimizning dunyodagi mavqei yanada yuksaladi. Shuningdek, aholining turmush tarzi yaxshilanib, hududlar obodonligiga erishiladi.

    Samarqand tumanidagi Konigil qishlogʻiga yurtimizda birinchilardan boʻlib turizm qishlogʻi maqomi berilgan. Choʻponota tepaligi etagida joylashgan qishloq Samarqand qogʻozi, yogʻjuvoz, kulollik, duradgorlik va boshqa hunarmandlik anʼanalari davom etib kelayotgan hudud sanaladi. Mahalliy va xorijiy sayyohlar bu yerdagi oʻzgacha, qadimiy anʼanalarimizni aks ettiruvchi hunarmandlik, etnoturizm, agroturizm, gastronomik va boshqa turizm markazlari bilan yaqindan tanishadi, tarixiy Samarqand qogʻozini ishlab chiqarish jarayonlariga guvoh boʻladi. Loyiha sabab azaldan hunarmandlar maskani boʻlgan qishloqning infratuzilmasi yanada yaxshilanib, binolarning tarixiy qiyofasi tiklandi hamda madaniy-koʻngilochar dasturlar tashkil etish uchun imkoniyat yaratildi. Mehmonlarning tabiat qoʻynida dam olishi hamda sayr qilishi uchun Siyob arigʻi boʻyida piyodalar yoʻlagi, dam olish maskanlari, mehmon uylari, ovqatlanish shoxobchalari ochildi.

    Konigilda koʻplab hunarmandlik va xizmat koʻrsatish maskani ishlab turibdi. Qishloqda mehmonlar uchun Samarqand nonlarini tayyorlash boʻyicha mahorat darslari oʻtkaziladigan novvoyxona mavjud. Hunarmandlarning savdo shoxobchalari doim xaridorlar bilan gavjum.

    Mehrojiddin Bobomurodov isteʼdodli kulollardan. Uning ustaxonasida oddiy loydan sanʼat asarlari yaratilishini kuzatib, hayratlanasiz. Terakota va sirlangan idish-tovoqlar, turli roʻzgʻor buyumlari, ertak-afsona qahramonlarining asosiy ishtiyoqmandlari — sayyohlar.

    — Qishlogʻimizga turizm qishlogʻi maqomi berilishi hunarmandlar uchun ayni muddao boʻldi, — deydi Mehrojiddin Bobomurodov. — Sayyohlar oqimi kengayib, qoʻlda yasalgan buyumlarga talab ortayotganidan xursandmiz. Hunarmandlik maktabimizga bugungacha Turkiya, Rossiya, Yaponiya, Qatar va yana boshqa koʻplab mamlakatlardan qiziquvchilar kelib tajriba almashishdi. Oʻzimiz ham dunyoning turli davlatlariga borib koʻrgazmalarda ishtirok etib kelyapmiz. Bizning kulollik yoʻnalishimiz Afrosiyob uslubi deyiladi. Milliy qadriyatlarga tayanib, zamonaviy va qadimiy uslubni mujassam etgan holda mahsulot yaratishga harakat qilamiz.

    Oilaviy asosda kulollik bilan shugʻullanayotgan Bobomurodovlarga Siyob arigʻi yoqasidan yer ajratib berilib, bu yerda ustaxona qurildi. Ayni paytda ushbu moʻjaz dargoh xorijlik sayyohlarni oʻziga jalb qilmoqda.

    Konigilda tashkil etilgan mehmon uylari sayyohlarni xalqimiz hayoti, urf-odatlari, madaniyati bilan tanishishtirishda katta ahamiyatga ega. Har bir millatning oʻziga xos yashash va turmush tarzi, milliy oʻyinlari, cholgʻu asboblari, hunarmandlik anʼanalari mavjud boʻlib, etnoturizm aynan ushbu qadriyatlar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Taʼkidlash joizki, mehmon uylari sayyohlarni qabul qiluvchi oilalarning turmush farovonligiga ham hissa qoʻshadi.

    — Mehmon uylari tashkil qilishga qiziqishim baland edi, — deydi Konigilda yashovchi Sodir Azimov. — Chet ellik sayyohlarni urf-odatlarimiz, milliy taomlarimiz bilan tanishtirganda ular chehrasidagi hayrat va havasni koʻrib zavq olaman. Turizm qishlogʻi maqomi mahallamizni yanada obodonlashtirishga olib keldi. Quvonarlisi, koʻpchilik ishli, roʻzgʻori but boʻldi.

    Mazkur sohadagi ishlar yurtimizning betakror va rang-barang sayyohlik salohiyatini jahonga keng tarannum etishda muhim oʻrin tutadi. Turizm qishlogʻi, ovuli, mahallasi sabab bugun bu manzillar shu qadar chiroy ochmoqdaki, ular ertaknamo, koʻzni quvnatuvchi maskanlarga aylanmoqda.

    Toshkent, Andijon, Fargʻona, Namangan, Buxoro, Navoiy, Jizzax viloyatlaridagi jami yigirmata qishloqqa mana shunday maqom berilishi yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda. Bu degani, shuncha manzil obod, xalqining hayoti esa yanada farovon boʻladi.

    Feruza Joʻrayeva,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.