Bugun tibbiyotning birlamchi bo'g'inini kuchaytirish, ayniqsa, olis va chekka hududlarda ham aholining malakali tibbiy xizmat olishi uchun sharoit yaratishga jiddiy e'tibor qaratilyapti. Shu maqsadda tibbiyot tizimida mutlaqo yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Prezidentimizning o'tgan yil 12-noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog'liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga asosan, 2021-yildan joriy etilgan “Qishloq shifokori” dasturi mana shunday o'ziga xos yangiliklardan biri.
Olis va chekka hududlardagi tibbiyot sifatini yangi bosqichga ko'tarish maqsadida qabul qilingan ushbu dastur ijrosi bugun amaliyotda o'z ifodasini ko'rsatmoqda. Navoiy viloyati markazidan 200 kilometr uzoqlikda, Qizilqum sahrosida joylashgan “Boymurod” ovulida ham uzoq yillar oilaviy shifokorga ehtiyoj bor edi. Bugun yosh mutaxassis Sherzod Bafoev ovuldagi oilaviy shifokor punktida ish boshlab, aholining salomatligini saqlashga hissa qo'shishga kirishgan.
Burch, vazifa, faxr
Shifokorning ilk taassurotlari bilan o'rtoqlashar ekanmiz, avvaliga bu yerga kelishga ikkilanganini yashirmadi. “Sharoit qanday?”, “Ovulda ishlay olamanmi?”, “Mahalliy aholi qanday kutib olarkin?” degan tabiiy savollar Sherzodni o'ylantirgan bo'lsa-da, o'z oldiga qo'ygan maqsad, fidoyiligi bu ikkilanishlardan ustun keldi.
— Men ish boshlagan olis ovulda anchadan buyon shifokor ishlamagan. Odamlar xastalansa, uzoq masofaga borishga majbur bo'lgan. Mahalliy aholini ham malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. Shu maqsadda bu yerga ishlagani keldim. Buning uchun hamma sharoit bormi, demak, uzoq masofaning ahamiyati yo'q. Men uchun elga xizmat qilish — burch, vazifa, faxr”, — deydi yosh mutaxassis.
Shuni ham alohida ta'kidlash kerakki, “Qishloq shifokori” dasturi ijrosi uchun 2021-yilda davlat byudjetidan 20 milliard so'm miqdoridagi mablag' ajratiladi. Tibbiyot yo'nalishidagi oliy ta'lim muassasasini tamomlagan mutaxassislar olis va chekka hududlarda joylashgan shifokor punktlari yoki oilaviy poliklinikalariga ishlash uchun boradigan bo'lsa, ularga kamida 3 yil ishlab berish sharti bilan 30 million so'mlik bir martalik pul mablag'i ajratiladi, qolaeversa, xizmat uyi bilan ta'minlanadi yoki ijara to'lovi kompensatsiya qilinadi.
Ma'lumotlarga ko'ra, dastur joriy etilganidan boshlab, hozirgacha 41 nafar tibbiyot xodimi 51 stavkaga ishga qabul qilindi. Shu bilan birga, hozircha 16 nafar, ya'ni Navoiy viloyatida — 7, Surxondaryoda — 3, Farg'onada — 4 va Xorazm viloyatida — 2 nafar tibbiyot xodimiga 30 million so'mdan pul mablag'i to'lab berildi.
Endi boymurodliklar olis yo'l bosib,
shifokor ko'rigiga bormaydi
Konimex tumanidagi Boymurod oilaviy shifokorlik punkti viloyat markazidan olisda joylashgan bo'lib, hudud aholisi uchun tajribali mutaxass suv va havodek zarur edi. Mahalliy aholi shu kungacha tibbiy xizmatdan foydalanish uchun tuman markazi yoki Navoiy shahriga qatnardi.
— Ovulimizda shifokorning ish boshlashi ko'nglimizni tog'dek ko'tardi, — deydi Qunduz Bo'ronova. — endi biz shunday shifokorimiz borligidan juda xursandmiz,
Sifatli tibbiy xizmat har bir insonning kayfiyatiga, ertangi kunga bo'lgan ishonchiga ta'sir qiladi, desak yanglishmaymiz. Xuddi shunday 3000 nafar aholiga ega Boymurod ovulidagi tibbiy xizmat sifatidagi bo'layotgan o'zgarish, mahalliy aholini haqiqatan mamnun qilgani rost.
— To'g'risini aytayin-da. shu vaqtgacha bizning zonaga do'xtir chetdan kelmagan. – deydi mehnat faxriysi Mahmud Tangriqulov. — Qariyalar bor, nevaralarimiz bor. Ular kasal bo'lib qolsa, birinchi navbatda, “endi qayerga olib boramiz?”, degan xayol o'tardi. Qalb iztirobga to'lardi. Markazimizgacha 200 kilometr. U erga borib kelish oson emas. Mana endi do'xtir kelib, quvonchimiz ichimizga sig'mayapti. Ollohga ming qatla shukrlar aytamiz,
Ovulning yana bir oqsoqollaridan biri Serimxal Mirqiyosovning fikricha, bu islohotlarning amaliy mevasi. Mana shunday tashabbuslarga bosh-qosh bo'layotgan Prezidentimizga ming rahmat.
Birlamchi bo'g'inda yangi ish uslubi — “Tibbiy brigadalar” tizimining joriy etilgani ham sohada olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishga turtki berdi. Eng muhimi — yosh shifokorlar ham bu islohotlar da'vatiga “labbay”, deya javob beryapti.
— Yangi tizimning yaxshi tomoni, xalqning ichiga o'zimiz kirib boramiz, — deydi Sherzod Bafoyev. — Asosiy ish vaqtim oilalarda o'tmoqda. Natijada, har bir kishi qamrab olinadi.
Cho'l hududida yoz kunlari juda issiq, qishda esa, aksincha, o'ta sovuq. Shuning hisobiga yuqori nafas yo'llari kasalligi ko'proq uchraydi. Bundan tashqari, go'sht mahsulotlarini ko'proq iste'mol qilingani tufayli bu yerdagi aholida qon bosimining ko'tarilishi ham kam emas. Profilaktika-sog'lomlashtirish ishlarini to'g'ri yo'lga qo'ysak, albatta, hammasining oldini olishimiz mumkin.
Shifokor kelgandan beri
yoshlar ning bu kasbga qiziqishi ortdi
Albatta, dasturning ahamiyatli tomonlari bisyor. Ulardan yana biri — chekka qishloqqa oliy ma'lumotli shifokor kelib, ovul bolalarida ilmga qiziqishini kuchaytirayotgani. U yerdagi ota-onalar bilan suhbatda bunga amin bo'ldik.
— Shifokor ukamiz kelgandan beri yoshlarda bu kasbga qiziqish ortgan, unday bo'lishga intilish ko'paygan, — deydi Qunduz Bo'ronboyeva. — Baribir yoshlar kimdandir ibrat olishi kerak-da. Shifokordan o'rnak olsa, juda ham yaxshi. Demak, endi mutaxassislarning chekka hududlarga kelishi tibbiy xizmat sifati borasida olis hududlarda yashayotgan minglab yurtdoshlarimizning dardlariga darmon bo'lishi barobarida hudud yoshlarining ilmga qiziqishi, o'z kelajagi uchun maqsadli qadamlar tashlashiga ham sababchi bo'ladi.
Yuragida o'ti borlar uchun
cho'l hududida ham ishlash uchun sharoit bor
“Qishloq shifokori” dasturi e'lon qilingandan keyin ko'pchilik mutaxassislarda unga qiziqish paydo bo'ldi. Lekin ularning orasida ikkilanib turganlar ham yo'q emas.
— Bunday fikrga keladigan hamkasblarimga, do'stlarimga shuni tavsiya qilamanki: ikkilanib turganlari bo'lsa, bu ikkilanishlardan voz kechishlari, o'zlariga ishonishlari kerak, — deydi qahramonimiz. — Yuragida o'ti bor, elga xizmat qilaman, degan mutaxasis uchun har qanday joyda, olis cho'lda ham sharoit etarli. Faqat ulardan foydalanishimiz kerak. Hozir qon-tomir kasalliklarining hammasini shu yerda aniqlayapmiz. Yurakdagi o'zgarishlarni ham aniqlashga qurbimiz etadi. Mavjud uskunalar bemorlarimizni shu erning o'zida davolash imkonini beradi.
“Qishloq shifokori” dasturida yosh kadrlar olis hududlarda 3 yil mehnat qilishi belgilangan. Sherzod Bafoyevning 3 yildan keyingi rejalari bilan qiziqamiz.
— Ovul ahli ishlashimni xohlasa, ularga kerak bo'lsam, shuncha xizmat qilishga tayyorman”, deydi mutaxassis jo'shqinlik bilan.
Bugun yosh shifokorlar e'tibor va rag'batdan ruhlanib, chekka hududlarda tibbiy xizmat sifatini ko'tarishga, o'zlarining bilim va salohiyatini safarbar etgan holda, aholi sog'ligini mustahkamlashga jahd qilishyapti. Sherzod Bafoyevning oqilona qarori buning amaliy misoli. Insonlarning dardiga malham bo'lishni o'ziga qismat deb bilgan mana shunday yoshlar, kasb fidoyilari bor ekan, tibbiy xizmat sifati, albatta, yangi bosqichga ko'tariladi.
Ulug'bek RAHMONQULOV,
jurnalist