Qishloq xoʻjaligi sohasida Ozarbayjon bilan hamkorlik yanada jadallashtiriladi

    Agrosektor 4 Mart 2024 1162

    Oʻzbekiston elchisi Baxrom Ashrafxonov Ozarbayjon qishloq xoʻjaligi vaziri Majnun Mamedov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot chogʻida qishloq xoʻjaligi sohasidagi Oʻzbekiston-Ozarbayjon hamkorligining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

    Ozarbayjon tomoniga Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi sohasida erishayotgan muvaffaqiyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasining asosiy mazmun-mohiyati va maqsadlari taʼkidlandi. Fermerlarni qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, suvdan samarali foydalanish, findiq, anor, va uzumning maxsus navlarini yetishtirish boʻyicha ilgʻor Ozarbayjon tajribasini oʻrganish va Oʻzbekistonda joriy etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.

    Vazir oʻz navbatida, Ozarbayjonda mahalliy fermerlarni qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida toʻxtaldi va Oʻzbekiston tomonidan oʻzaro aloqalarni yanada jadallashtirishga tayyorligini bildirdi.

    Majnun Mamedov, shuningdek, Oʻzbekiston tadbirkorlarini Ozarbayjondagi chorvachilik, yer uchastkalarida turli ekinlar ekish boʻyicha investitsiya loyihalarida ishtirok etishni taklifini ilgari surdi.

    Uchrashuvda joriy yil 15-17-may kunlari Boku shahrida boʻlib oʻtadigan “Caspian Agro 2024” va “Interfood Azerbaijan 2024”, koʻrgazmalarida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sohasi vakillarining ishtirokini tashkil etishga masalalariga ham eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.