“Azersun Holding” bilan hamkorlik tajriba va innovatsiyalar almashishda aks etadi

    Agrosektor 19 Mart 2024 999

    Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov “Azersun Holding” (Ozarbayjon) boshqaruvi raisi oʻrinbosari Savash Oʻzan bilan uchrashdi.

    Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning joriy holati va istiqbollari koʻrib chiqildi. Suhbatda oʻzaro hamkorlikni, jumladan, tajriba va innovatsiyalarni almashish orqali amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.

    Uchrashuv yakuniga koʻra tomonlar kelgusida amalga oshiriladigan tadbirlar borasida kelishuvga erishdilar va muhokama etilgan loyiha va tashabbuslarni oʻz vaqtida hayotga tatbiq etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Azersun Holding — bu oziq-ovqat sanoati sohasida yetakchi Ozarbayjon kompaniyalarini birlashtirgan yirik xolding hisoblanadi. Kompaniya tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, qishloq xoʻjaligi, qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha 30 dan ortiq korxona foydalanishga topshirilgan. Xolding Ozarbayjon ichki bozorida oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabning katta qismini qondiradi va 40 dan ortiq mamlakatlarga mahsulot eksport qiladi.