2022-yil 9-martda Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligida Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda agentlik oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muzokaralar davomida qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirishda kosmik va geoaxborot texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha ikki tomonlama oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi va uni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Uchrashuv doirasida shuningdek, yuqori aniqlikda yerni masofadan zondlash materiallaridan foydalanishni yoʻlga qoʻyish, respublikaning maʼlum bir viloyati yoki tumani sharoitida qishloq xoʻjaligi yerlari va ekin maydonlarida kosmik monitoring tizimini joriy etish masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida Kosmik faoliyatni rivojlantirish toʻgʻrisida”gi  2019-yil 31-avgustdagi Farmoni bilan tashkil etilgan. Agentlikning asosiy vazifalaridan biri stratosfera va boshqa uchuvchisiz uchish apparatlari, shuningdek, yerni masofadan turib zondlash va yoʻldoshli aloqa kosmik apparatlarini qoʻllagan holda davlat organlariga turli masalalarni hal etish samaradorligini oshirishda koʻmaklashishdan iborat.