Qishloq xoʻjaligi vazirligi xodimlari paxta dalalariga hasharga chiqdi

    Shu kunlarda respublika boʻylab paxta yigʻim-terim jarayonlari avj pallada.

    Aytish kerakki, qoʻlda terilgan har kilogramm paxta uchun 2 500 soʻmdan haq toʻlanishi eʼlon qilingandan soʻng moddiy manfaatdorlik oshib, aholi jamoa boʻlgan holda paxta terishmoqda. Albatta, manfaat bor joyda samara ham shunga yarasha boʻladi.

    Sirdaryo tumanidagi “Peng Sheng” qoʻshma korxonasi paxta dalasida ham terim mavsumi qizgʻin davom etmoqda. Dam olish kunlarida paxtakorlarga koʻmaklashishni niyat qilgan Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparati, tizim tashkilotlari xodimlari ham “oq oltin” xirmonini barpo qilishda oʻz hissasini qoʻshmoqda.

    “Shu dalaning oʻziga Furqat va Farovon mahallalaridan 200 ga yaqin uyda oʻtirgan ayollar, vaqtincha ishsiz yoshlar oʻz ixtiyori bilan paxta terimiga chiqishipti. Ulardagi oddiylik, insoniy burchni anglash va vatanparvarlikni koʻrib, qanday ajoyib xalqimiz bor, deysiz beixtiyor. Basma-basiga musobaqalashib paxta teryapmiz. Oddiy qishloq odamlarining suhbati ham yoqimli boʻladi-da. Rosa miriqdim. Koʻnglim koʻtarildi. Bunday paytda charchaganingni ham bilmas ekansan, — deydi vazirlik xodimi Zafar Ortiqov samimiyat bilan.