Agrar tarmoqqa ixtisoslashgan aksariyat davlatlar sanoatlashgan mamlakatlarga nisbatan rivojlanishda ancha ortda qolgani yaqin tarixdan yaxshi maʼlum. Jumladan, Oʻzbekiston uzoq yillar davom etgan paxta yakkahokimligi ortidan juda koʻp, taʼbir joiz boʻlsa, mislsiz boylikdan mosuvo boʻldi. Avvalo, majburiy mehnat – taʼlim tizimi va aholi salomatligini saqlash sohasida katta, tuzatish koʻp vaqt va mablagʻ talab etadigan yoʻqotishlarga olib keldi. Uzoqni oʻylamay qilingan choʻlquvarlik esa, bugungi Orol fojiasiga zamin yaratdi.
Ammo bu tarmoqning foydasidan zarari koʻp ekan, degan xulosaga kelishga shoshilmang. Birinchidan, iqlim oʻzgarishlari, choʻllashish, suv tanqisligi kabi global muammolar tufayli aksariyat davlatlarda oziq-ovqat tanqisligi tobora kuchayib bormoqda. Birlamchi, boshqacha aytganda, tirikligimiz uchun zarur boʻlgan ehtiyojlarimizni taʼminlash esa qishloq xoʻjaligi sohasisiz boʻlmaydi.
Ikkinchidan, bugungi global iqtisodiyot sharoitida raqobatda yutish orqali jadal rivojlanishga erishishning muhim sharti – qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish hisoblanadi. Bu borada esa agrar tarmoq, shu jumladan, yurtimiz qishloq xoʻjaligi katta potensialga ega.
Modomiki shunday ekan, unda yuqorida qayd etilgan muammo qanday paydo boʻldi dersiz? Gap shundaki, yurtimiz qishloq xoʻjaligi uzoq yillar ekstinsiya rivojlandi, yaʼni, qanday qilib boʻlmasin, koʻproq paxta yetishtirish orqasidan quvib, bir joyda depsinib qoldi. Ilmiy yondashuv boʻlmadi. Qishloq xoʻjaligi sektori davlat tomonidan eng koʻp tartibga solinadigan, yerdan foydalanishga boʻlgan huquqlar cheklangan va himoyalanmagan tarmoqqa aylandi. Bu esa, oʻz navbatida, ushbu yoʻnalishdagi samaradorlik pasayishiga sabab boʻldi. Ana shunday bir sharoitda sohaga toʻlaqonli bozor munosabatlarini tatbiq etish, xomashyoni chuqur qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish, agrar tarmoqni isloh qilishga yetarlicha eʼtibor qaratilmadi.
Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligining yuqori salohiyatidan foydalanishga alohida eʼtibor qaratilib, sohani isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining toʻrtdan bir ulushi, shu jumladan, 2022-yil yakuniga koʻra 25,1 foizi aynan mazkur sohaga toʻgʻri keladi. Shu bilan birga, respublika boʻyicha ish bilan band aholining qariyb 25 foizi qishloq xoʻjaligi tarmogʻida mehnat qilmoqda.
Bu esa, nafaqat iqtisodiyotning barqarorligini taʼminlash va aholi farovonligini oshirishda qishloq xoʻjaligining oʻrni gʻoyat muhimligini, balki bevosita sohada amalga oshiriladigan islohotlarga ham bogʻliqligini koʻrsatmoqda.
Aynan shu jihatdan ham mamlakatimizda 2017-yildan boshlab, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasiga muvofiq, qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishga oid qator islohotlar olib borildi.
Xususan, qishloq xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish maqsadida qishloq va suv xoʻjaliklari vazirliklari qaytadan tashkil etilib, vazirliklarning asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlari belgilab berildi. 2019-yilda Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi qabul qilindi. 2020-yildan paxta va gʻallani yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini joriy etish orqali davlat monopoliyasiga barham berildi. 2021-yilda yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari belgilandi.
Shuningdek, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, qishloq xoʻjaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 barobar oshirish, qishloq xoʻjaligining yillik oʻsishini kamida 5 foizga yetkazish ustuvor maqsad sifatida belgilandi.
Umuman olganda, soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligi yalpi ishlab chiqarishining barqaror oʻsish surʼatlari qayd etildi. Xususan, 2017-yilda bu boradagi koʻrsatkich 1 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilga kelib 3,6 foiz oʻsishga erishildi.
Oʻtgan davrda sohada olib borilgan islohotlarning yorqin natijalaridan biri oʻlaroq, xalqaro bozorda oʻzbek paxta va toʻqimachilik mahsulotlariga oʻrnatilgan boykot bekor qilindi. Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqiga toʻqimachilik mahsulotlarini bojsiz olib kirishni taʼminlaydigan GSP+ savdo maqomini oldi, natijada ushbu mahsulot eksportini 2017-yildagi 1,2 milliard dollardan 2022-yilda 3,2 milliard dollargacha oshirishga erishildi.
Shuningdek, suv resurslarining tobora kamayib borayotgani bois, mazkur sohada qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, 2017–2022-yillarda jami 1,4 million gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Maqsad bitta – iqtisodiy foyda koʻrish bilan bir qatorda, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi farovonligini oshirish.
Ayniqsa, yurtimizda ekin maydonlarini optimallashtirish va qishloq xoʻjaligi ekinlarini hududlashtirish siyosati, klaster tizimi, zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini yaratish, tomorqa xoʻjaligi amaliyotini kengaytirish qishloqda aholining turmush darajasini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.
Birgina klaster tizimining iqtisodiyot rivoji va aholi farovonligini oshirishdagi oʻrni katta ekanini koʻrishimiz mumkin.
Jumladan, Oʻzbekistonda 2017-yildan boshlab paxta-toʻqimachilik va meva-sabzavotchilik klasterlari tizimi joriy etila boshlandi. Natijada 2017–2022-yillarda mamlakatda 506 ta klaster shakllantirildi. Birgina 2022-yilda ular tomonidan 28,7 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgani esa tizim samaradorligidan dalolat beradi, albatta.
2018–2022-yillarda ushbu klasterlar tomonidan ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmi 32 barobar ortib, bu koʻrsatkich sanoatning qayta ishlash tarmogʻida 2,5 barobarni tashkil qilgan. Klasterlarga moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan asosiy kapitalga yoʻnaltirilgan investitsiyalar hajmi esa 2018–2022-yillarda 7,6 trillion coʻmni tashkil etgan.
Klaster korxonalari tizimida faoliyat yuritayotganlar soni esa ushbu davrda 2,5 barobar oshgan. Klasterlarning jami sanoat mahsulotlari turi boʻyicha eksportdagi ulushi 2019-yilda 5 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda 11,4 foizga yetgan. Klasterlar tizimda mehnat unumdorligi 2018–2022-yillar oraligʻida 12,9 barobar ortgan. Bu koʻrsatkich sanoatning qayta ishlash tarmogʻida 6,4 barobarni tashkil qilgan. Demak, klasterlashuvda mehnat unumdorligi tarmoqdagiga qaraganda 2 barobar yuqori boʻlgan.
Tahlillar mehnat unumdorligi bilan birga, yoʻnaltirilgan investitsiyalarning daromadlilik darajasi ham klasterlarda yuqori ekanini koʻrsatmoqda. Hisob-kitoblarga koʻra, 2018–2022-yillarda klasterlarga yoʻnaltirilgan investitsiyalarning iqtisodiy qaytimi (daromadlilik darajasi) koeffitsiyenti 1 dan 1,4 ga ortgan. Bu klasterlashtirish loyihalari juda samarali ekanidan dalolat beradi.
Shu kabi chora-tadbirlar, erishilgan yutuqlar, oldinda turgan muammo va tahdidlar hamda ularni hal etish borasidagi kelgusi rejalar “Yangi Oʻzbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va maʼrifat” xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida boʻlib oʻtgan “Yangi Oʻzbekistonda 2030-yilgacha qishloq xoʻjaligining rivojlanish strategiyasi: imkoniyatlar va istiqbollar” mavzusidagi tadbirda ham muhokama qilindi.
Xususan, bugungi kunda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi va unda belgilangan ustuvor yoʻnalishlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar: oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha davlat siyosatini ishlab chiqish va joriy etish, qulay agrobiznes muhiti va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, sohada davlat ishtirokini kamaytirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish mexanizmlarini joriy qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, boshqaruvning zamonaviy tizimlarini rivojlantirish, tarmoq dasturlarini ishlab chiqish orqali davlat xarajatlari samaradorligini oshirish va bosqichma-bosqich qayta taqsimlash, qishloq hududlarini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, tarmoq statistikasining shaffof tizimini yaratish kabi yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar eʼtirof etildi.
Shuningdek, tadbirda qishloq xoʻjaligida davlat boshqaruvini transformatsiya qilish va islohotlarni yanada chuqurlashtirishni jahon tajribasi asosida amalga oshirish boʻyicha xalqaro ekspertlar jalb qilingani alohida qayd etildi.
Xulosa qilib aytganda, bugun mamlakatimiz iqtisodiyotining toʻrtdan bir qismini tashkil etayotgan va qariyb 3,5 million aholi band boʻlgan mazkur sohada islohotlarni jadallashtirish, albatta, kelgusida yurtdoshlarimiz farovonligini oshirish hamda barqaror iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiladi.
Furqat YUNUSOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi