Qizlar yotoqxonasi oldidagi jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzgan 62 yoshli erkak qamaldi

    Ijtimoiy hayot 27 May 2023 1576

    Ijtimoiy tarmoqlarda nomaʼlum erkak kishining jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzganligini aks etgan video tarqalib turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

    Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB quyidagilarni maʼlum qildi.

    Joriy yilning 24-may kuni taxminan soat 15.00 larda Uchtepa tumanida joylashgan oliygohlardan birining qizlar uchun moʻljallangan yotoqxonasi oldida, 1961-yilda tugʻilgan Z.E. jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan mayda bezorilik sodir etgan. Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu fuqaro ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlangan.

    Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB tomonidan fuqaro Z.E.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan hamda Jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tumani sudi tomonidan unga nisbatan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.