Bularni bilmagani, tasavvur qilmagani ham yaxshi. Chunki bugun tadbirkor davlatning doʻsti, himoyasidagi soha egasi sifatida har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgan ekan, odamlar hech ikkilanmay ish boshlab, biznes egasiga aylanmoqda.
Soʻnggi yillarda yurtimizda yaratilgan qulay va erkin ishbilarmonlik muhitidan koʻzlangan maqsad ham shu aslida. Ayniqsa, tadbirkorlar faoliyatida uchraydigan ortiqcha ovoragarchiliklar, hisobot yuki va toʻsiqlarni kamaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu oʻzgarishlar ularning vaqt va mablagʻini tejash, faoliyat samaradorligini oshirish bilan birga statistik hisobotlar toʻliq, toʻgʻri va oʻz vaqtida taqdim etilishiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatyapti.
Yaʼni tadbirkorlar faoliyati qancha erkin boʻlsa, shaffoflik va oshkoralik shuncha ortadi. Ortiqcha tazyiq va keraksiz ovoragarchiliklar boʻlmagan joyda biznes egasi ham toʻgʻri ishlaydi, hisobotlarni halol yuritib, soliqlarni oʻz vaqtida toʻlaydi. Hisobotlar deb aytayotganimiz tadbirkorning faoliyatini avvalgidek tekshirish, ishiga aralashish maqsadida talab qilinadigan “qogʻozlar” emas. Gap mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tizimli tahlil qilish, real vaziyatni baholash va asosli qarorlar qabul qilishda muhim axborot manbai boʻlgan statistik hisobotlar haqida boryapti.
— Tadbirkorlardan olinadigan ana shunday hisobotlar orqali biznes muhitidagi oʻzgarishlar, faoliyatining koʻlami va samaradorligi haqida aniq xulosa chiqarish imkoni paydo boʻladi, — deydi Milliy statistika qoʻmitasi matbuot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov. — Bunday hisobotlar sifatli va oʻz vaqtida taqdim etilishi nafaqat statistika organlari, balki davlat boshqaruvi tizimi uchun ham muhim ahamiyatga ega. Tadbirkorlik subyektlari oʻz faoliyatiga doir statistik hisobotlarni belgilangan shakl va muddatlarda taqdim etishi “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi qonun hamda boshqa meʼyoriy- huquqiy hujjatlarga asoslanadi. Bugungi kunda tadbirkorlar oylik, choraklik va yillik hisobot topshiradi. Har bir hisobotda ularning faoliyat turi, xodimlar soni, tovar aylanmasi, moliyaviy koʻrsatkichlari hamda boshqa muhim maʼlumotlar qamrab olinadi.
Ammo bu jarayonlar yildan yilga soddalashtirib borilyapti. Davlatimiz rahbarining har yili avgust oyida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlarida bu yoʻnalishda ham koʻplab takliflar bildirilishiga guvoh boʻlamiz. Ana shu takliflar asosida aniq choralar koʻrilib, hisobotlarni topshirish bilan bogʻliq yangilanishlar amaliyotga joriy etib kelinmoqda.
— Tadbirkorlar uchun statistik hisobotlarni topshirish jarayonlarini soddalashtirish boʻyicha qator yengilliklar yaratilmoqda, — deydi Milliy statistika qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Maʼmur Satimov. — Jumladan, Prezidentimizning 2025-yil 24-fevraldagi farmoniga asosan, xodimlari 5 nafardan kam va aylanmasi BHMning 2000 baravarigacha boʻlgan kichik tadbirkorlik subyektlari hisobotlarni endi har yili emas, balki 3 yilda bir marotaba taqdim etishi belgilandi. Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan ham bu borada bir qancha qulayliklar yaratilgan. Masalan, hisobot davrida respondentlarga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida tizimli ravishda onlayn muloqotlar tashkil etib kelinmoqda. Ularni qiynagan savollarga javob berish uchun call-markaz ishlayapti. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarga barcha jarayonlarni oʻzida aks ettirgan videoqoʻllanmalar joylashtirilgan. Bu kabi imkoniyatlar hisobot yukini kamaytirish, maʼlumotlarni aniq va oʻz vaqtida taqdim etishga xizmat qilmoqda.
Bu amaliyot xalqaro maydonda ham mavjud. Yaʼni jahonning rivojlangan mamlakatlari, jumladan, AQSH, Kanada hamda Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlarda tadbirkorlik subyektlari statistika organlariga hisobot topshirishi qatʼiy belgilangan. Ushbu tizim real iqtisodiy holatni kuzatish, aniq statistikani shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu maʼlumotlar jahon maydonida biror davlat haqidagi umumiy tushuncha shakllanishiga ham xizmat qiladi. Oʻzbekiston bu borada boshqa mamlakatlarga nisbatan jadal rivojlanayotganini kuzatish mumkin.
— Bugungi kunda rasmiy statistika nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro miqyosda ham asosiy maʼlumot manbai sifatida eʼtirof etilmoqda, — deydi Milliy statistika qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Ulugʻbek Noipov. — Tadbirkorlik subyektlaridan hisobotlar va kuzatuvlar orqali olinadigan maʼlumotlar mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, iqtisodiyotdagi tendensiyalar hamda bozordagi oʻzgarishlar dinamikasini aniq baholashda muhim oʻrin tutadi. Xalqaro amaliyotda ushbu maʼlumotlar xorijiy sarmoyadorlar uchun investitsiya qarorlarini qabul qilishda asosiy manbadir. Shu bilan birga, ushbu koʻrsatkichlar mamlakatning xalqaro reytinglardagi oʻrnini belgilashda ham katta rol oʻynaydi.
Hammasi elektron
Hozir statistika sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilishi natijasida maʼlumot yigʻish va tahlil qilish ancha soddalashgan. Ayniqsa, hisobot topshirish jarayonlari yangi bosqichga koʻtarilib, samaradorlik va shaffoflikni taʼminlash borasida muhim yutuqlarga erishilmoqda.
Aniqrogʻi, hisobotlarni taqdim etish amaliyoti toʻliq raqamlashtirilgan boʻlib, tadbirkordan ortiqcha qogʻozbozlik va ovoragarchilik talab etilmaydi. Buning uchun Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan “eStat” axborot tizimi ishlab chiqilgan. Tizim qator innovatsion qulayliklarga ega. Jumladan, hisobotlar mavjud maʼlumotlar asosida avtomatik ravishda shakllantiriladi, bu esa tadbirkorlarning mehnat xarajatlarini kamaytiradi. Shuningdek, hisobotlarni qogʻoz shaklida emas, balki elektron raqamli imzo bilan tasdiqlab, onlayn tarzda yuborish imkoniyati mavjud.
Qolaversa, har bir tadbirkor oʻz shaxsiy kabineti orqali hisobot yuborishi, uning holatini kuzatishi, zarur eslatmalarni olishi mumkin. Respondentlar hisobotlarni kunning istalgan vaqtida va haftaning har qaysi kunida taqdim etish imkoniyatiga ega. Yana bir muhim jihat — hisobot yuborilishidan oldin tizim uni avtomatik tahlil qiladi hamda mavjud xatolari yuzasidan xabar beradi.
Bu qulayliklarni tadbirkorlar, korxona egalari, hisobchilar amalda his qilyapti. Birgina hisob-kitob ishlari raqamlashib, soddalashgani ortidan qancha vaqt, mablagʻ tejalishini tasavvur qilish qiyin emas. Bu xodimlarning oylik maoshlarini oʻz vaqtida, tez va oson olishiga ham bevosita taʼsir koʻrsatadi.
Valijon HAMROYEV, “Betlis tekstil” MCHJ bosh hisobchisi:
— 2008-yildan buyon “Betlis tekstil” MCHJ korxonasida bosh hisobchi boʻlib ishlayman. Ilgarilari statistika idoralariga qogʻoz shaklida hisobotlarni shaxsan olib borishimizga toʻgʻri kelardi. Baʼzan arzimagan xatolik tufayli hisobot qabul qilinmas, yana ish joyimizga qaytib, tuzatish kiritib, hisobotni qayta topshirardik. Bu jarayon bir necha kun vaqtimizni olardi. Bugungi kunda esa zamonaviy elektron tizimlar tufayli ish joyimizni tark etmasdan turib hisobotlarni onlayn tarzda yuborish imkoniyati yaratilgan. “yeStat 4.0” platformasi orqali istalgan joyda va istalgan vaqtda hisobotlarni elektron yuborish mumkinligi katta qulaylikdir.
Umuman, har bir biznes oʻz faoliyatini baholash uchun raqamlarga tayanadi. Raqamlar aniq boʻlishi esa eng muhim vazifalardan biri. Qolaversa, raqamlarga qarab faoliyatni baholash ancha oson. Istalgan tadbirkorlik subyekti hisobotlardagi maʼlumotlar orqali daromad va xarajatlar, foyda va zarar, ishchi kuchi samaradorligi kabi koʻrsatkichlarini kuzatib boradi. Bu esa toʻgʻri boshqaruv va strategik rejalashtirish uchun asos vazifasini oʻtaydi.
Mavjuda BAHRIDDINOVA, “Halol sut agro” MCHJ hisobchisi:
— Hisobotlarni qayd etish doim murakkab va uzoq vaqt oladigan jarayon boʻlib kelgan. Buni hisobchilar yaxshi biladi. Ammo boshqa sohalar qatori bu yoʻnalishda ham raqamlashtirish keng joriy etilishi nafaqat ishni yengillashtirish, balki aniqlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Hozir “eStat 4.0” tizimida hisobot toʻldirish jarayoni yanada soddalashtirilgan. Platformaga kirgan zahotiyoq korxonaga oid maʼlumotlar avtomatik ravishda shakllanadi. Tizimning avvalgi versiyalarida bu imkoniyat mavjud emasdi va ushbu maʼlumotlarni har safar qoʻlda kiritish talab etilardi. Hisobot toʻldirish jarayonida biror xatolikka yoʻl qoʻyilsa, mantiqiy nazorat funksiyasi ishga tushadi. Bu funksiya orqali aniq qaysi satrda va qaysi raqamda xato mavjudligi koʻrsatiladi. Shu tarzda hisobotlarimizni xatolardan xoli qilish imkoniga ham egamiz.
Sunʼiy intellekt maslahat beradi
Raqamlashtirishning qulayliklaridan yana biri, yaratilgan axborot tizimi doimiy yangilanib, qoʻshimcha xizmatlar bilan boyitib borilaveradi. Gap shundaki, bugungi zamonaviy texnologiyalarning talabi shu — elektron vazifalarni doimiy yangilab borish kerak. Qolaversa, hozir sunʼiy intellekt texnologiyalari har sohaga kirib borib, axborotlashtirish jarayonlarida faol qoʻllanilyapti.
Hisobotlarni elektron yuritish jarayonlari ham bundan xoli emas. Davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga koʻra, hisobot jarayonlarida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan qiyinchilik va muammolarning oldini olish maqsadida “Maslahatchi” interaktiv xizmati yoʻlga qoʻyiladi.
— Bu xizmat tadbirkorlik subyektlariga statistik hisobotlarni shakllantirish, topshirish tartibi va talablari boʻyicha avtomatik tavsiyalar berish imkonini yaratadi, — deydi Milliy statistika qoʻmitasi matbuot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov. — Tizimda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanilgan holda “Maslahatchi” moduli joriy etilmoqda. Ushbu modul hisobot topshirishdagi mavjud murakkabliklarni yengillashtirishga xizmat qiladi. Xususan, respondentlar turli yoʻriqnomalar va hujjatlar bilan tanishib chiqish oʻrniga savol berish orqali sunʼiy intellektdan tez va aniq javob olishi, shu orqali zarur maslahatlardan foydalanishi mumkin boʻladi. Modul hisobotlarni toʻldirish jarayonida yordamchi vosita sifatida faoliyat yuritadi.
Ana shunday zamonaviy elektron xizmatlar tufayli tadbirkorlik subyektlarining hisobot topshirish jarayonlari ancha qulay va samarali ishga aylanadi. Taqdim etilayotgan hisobotlarning aniqligi va toʻgʻriligi darajasi oshadi. Kelgusida esa hisobotlarni tekshirish jarayonlariga ham sunʼiy intellekt imkoniyatlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Yuqorida taʼkidlanganidek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan statistik hisobotlar belgilangan shakl va muddatlarda taqdim etilishi davlatning iqtisodiy jarayonlarni toʻgʻri boshqarishi va xolis baholashida muhim vositadir. Taqdim etilgan hisobotlar asosida iqtisodiyotdagi umumiy holat, soha va hududlar kesimidagi oʻzgarishlar, tovar aylanmasi, ish oʻrinlari dinamikasi, investitsiya faoliyati kabi koʻplab koʻrsatkichlar tahlil qilinadi. Bu, oʻz navbatida, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi imtiyozlar, soliq va moliyaviy yengilliklar, infratuzilmaviy dasturlar hamda boshqa strategik chora-tadbirlarni manzilli va asosli belgilash imkonini beradi. Jamiyatdagi real iqtisodiy muhit, biznes faolligi va tadbirkorlik sektoridagi tendensiyalar haqida aniq va ishonchli tasavvur shakllanadi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotining barqaror va izchil rivojlanishiga xizmat qiladi.
Asosiysi, hisobotlarni topshirishdagi qulaylik, zamonaviy yechimlar tadbirkorning har daqiqasi qadrli boʻlgan vaqtini tejab, ish samaradorligini oshiradi. Ishbilarmonlar endi qogʻozbozlik bilan shugʻullanish oʻrniga oʻz biznesini rivojlantirishga koʻproq eʼtibor qarata oladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri









