Qohiradagi "Ayn Shams" universiteti professori Magida Maxluf tomonidan arab tiliga tarjima qilingan Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub “Boburnoma” asarining elektron nusxasi O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasiga taqdim etildi.
Asar tarjimasini topshirish marosimida tarjimon Magida Maxluf ishtirok etdi va “Boburnoma”ni arab tiliga o‘girish g‘oyasi haqida so‘zlab berdi.
Tarjimonning aytishicha, Bobur yurtidagi kutubxonalar, universitet va arab tilida mutoala qilishni istagan o‘zbekistonliklar uchun qulay imkoniyat yaratish maqsadida ushbu tarjimani o‘zbek xalqiga sovg‘a qilishga rozi bo‘lgan.
"O‘zbek xalqining buyuk farzandi Zahiriddin Muhammad Bobur qoldirgan nodir meros to‘g‘risida butun dunyo ko‘proq bilishi uchun o‘z hissamni qo‘shish men uchun sharaf", dedi tarjimon.
“Boburnoma” asari professor Magida Maxluf tomonidan arab tiliga tarjima qilingan va 2014-yilda Qohiradagi «Arab ufqlari» noshirlik-uyida chop etilgan.
Kitob tarjimasi Misr jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otib, ko‘plab o‘quvchilar qalbidan o‘rin olgan.